Ukraina har oyda harbiy amaliyotlarga qancha sarflayapti?
Olam
−
02 aprel 2022
9263Ukraina har oyda harbiy amaliyotlarga 10 milliard dollar sarflaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devoni ma’lum qildi.
“Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlat rahbari devoni va Vazirlar mahkamasining iqtisodiy bloklari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Moliya vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina davlati bir oylik harbiy harakatlar uchun 10 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflaydi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Ukraina iqtisodiyotining holati va uning yaqin kelajakdagi rivojlanish prognozlari ko‘rib chiqilgan.
“Uchrashuvda ular xarajatlarni moliyalashtirish manbalari, xususan, o‘zlarining soliq tushumlari va Ukrainaning xalqaro hamkorlari tomonidan ko‘rsatilgan yordamni muhokama qildi”, deyiladi Zelenskiy idorasi xabarida.
Ukraina Prezidenti boshchiligidagi yig‘ilish ishtirokchilari mamlakatdagi ekish kampaniyasini, jumladan, fermerlarni yoqilg‘i bilan ta’minlash masalasini ham muhokama qilgan. Shuningdek, yoqilg‘i importini diversifikatsiya qilish hamda energetika infratuzilmasini himoya qilish yo‘llari ko‘rib chiqilgan.
Avvalroq, Ukrainadagi ekin maydonlarining yo‘qolishi kuzgi ekinlarning 41 foizini va bahorgi ekinlarning 39 foizini tashkil qilishi mumkinligi aytilgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi