O‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarolardan pora olgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
20 fevral 2024
4094Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departament Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro A.B. boshqa bir fuqaro G.S.ning ishonchiga kirib, unga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi tibbiyot oliygohida o‘qiyotganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar rasmiylashtirib berib, keyinchalik Toshkent shahridagi xususiy universitetlardan biriga o‘qishini ko‘chirib berishi evaziga 2 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Yakkasaroy tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.X. yana bir fuqaro M.A.ning ishonchiga kirib, uning o‘qishini Qirg‘iziston Respublikasi oliygohidan Toshkent shahridagi xususiy universitetlardan biriga ko‘chirib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi departamentning xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 4 ming dollar undirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.
Javohir Yo‘ldashov
LiveBarchasi