Toshkentda “shumaxerlik qilgan” hokimning o‘g‘li sheriklari bilan ota-bolani kaltaklagani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

Sentyabr oyi oxirida Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Ismoilov Toshkentda soatiga 150 kilometr tezlikda mashina haydagani aks etgan video tarqalib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgandi. Buning uchun u jarimaga tortilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u ikki yilda 16 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga Dilshod Ismoilov Toshkentdagi ommaviy janjalga aloqadorligi ma’lum bo‘ldi. Bloger Nikita Makarenkoning ma’lum qilishicha, hokimning o‘g‘li bezorilik bilan bog‘liq jinoiy ishga ham aralashgan.

Bloger o‘z kanalida bir guruh yoshlar ko‘chada ikki kishini urayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. U video va suratni kanali o‘quvchisi yuborganini aytgan. O‘quvchining ma’lum qilishicha, hokimning o‘g‘li va uning to‘rt nafar o‘rtog‘i mazkur fuqaroga va uning 56 yoshli otasiga hujum qilgan va ularni kaltaklagan. Yoshlar beysbol tayog‘i bilan 56 yoshli erkakning qo‘lini sindirgan.

Videoda Dilshod Ismoilovni yo‘l-yo‘l chiziqli futbolkada ko‘rish mumkin. Rasmda esa uning qo‘lida qurol borligi ko‘rinadi.

Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Toshkent shahar IIBB bu jinoiy ish haqida joriy yilning 11 iyunida xabar bergan.

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, voqea 8 iyun kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yuz bergan. Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli Mirbosit M., 19 yoshli Elmurod D., 20 yoshli Humoyun A. va Yashnobod tumanida yashovchi 20 yoshli Dilshod I. bezorilik qilib, 56 yoshli Shavkat M. va 30 yoshli Laziz M.ga tan jarohatlari yetkazgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot kotibi Irina Sayfutdinovaning QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qilishicha, mazkur jinoiy ish bo‘yicha tergov davom etyapti. Tez orada ish materiallari sudga yuboriladi.


Maqola muallifi

Teglar

bezorilik

Baholaganlar

928

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing