Buxoroda 17 yoshli “ko‘cha”lar to‘dasi ushlandi (video)

3-sahifa

image

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tezkor qidiruv tadbirida Buxoro shahrida sport bilan shug‘ullanuvchi bir guruh buxorolik voyaga yetmaganlarning “uyushgan to‘da”si faoliyati tugatildi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi. 

Xabarda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zaro gap talashib qolgan yoshlar masalani hal qilib olish maqsadida Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasida uchrashuv belgilagan. Belgilangan joyga borgan jabrlanuvchilarni 10-15 nafardan iborat yoshlar guruhi kutib olib, ular bilan janjallashgan. Guruh a’zolari jabrlanuvchilarni shafqatsizlarcha do‘pposlab, ularning boshqaruvida bo‘lgan oq rangli Nexia avtomashinasiga jiddiy shikast yetkazgan hamda voqea joyidan yashirinishgan. Shu bilan birga, janjal davomida ayrim gumonlanuvchilar o‘zlari bilan olib kelgan kastet ko‘rinishidagi sovuq quroldan foydalanib, jabrlanuvchilarga jarohat yetkazganligi ham aniqlangan. 

Bildirilishicha, ushbu jinoyatlarning kelib chiqishiga 2009 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan Hayotov Samandar Hamid o‘g‘li hamda Tursunov Muzaffar Ilhom o‘g‘li asosiy sababchi bo‘lgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida mazkur jinoyatga aloqador jami 13 nafar gumonlanuvchi shaxs aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida maktab o‘quvchilari va boshqa odamlarni qo‘rqitib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro bezorilik voyaga etmaganlar sovuq qurol uyushgan to'da

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing