Farg‘onada o‘smir bolalardan tashkil topgan jinoiy guruh ushlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida maktab o‘quvchilari va boshqa odamlarni qo‘rqitib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, jinoiy guruh tarkibida 15, 18, 20 yoshli shaxslar bor. Xususan, muqaddam Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan sudlangan, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs guruh yetakchisi sifatida jinoiy guruh shakllantirgan va ularning harakatini tashkil qilishda bajaruvchi va yordamchi shaxslardan iborat besh kishini yoniga jamlagan.

Ular “Qirguli” dahasidagi maktab o‘quvchilari va fuqarolarni qo‘rqitish, tan jarohati yetkazish bilan tahdid qilib, telefon va moddiy qiymatliklarni o‘g‘rilik, firibgarlik, talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Shuningdek, mazkur jinoiy to‘da guruh atrofiga boshqa shaxslarni jalb qilishga muntazam harakat qilib kelgan.

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida uyushgan jinoiy guruh a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan. Jinoiy guruhning barcha a’zolari Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasi tartibida vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Ularning jinoiy faoliyatiga doir uyali aloqa vositalari, jinoiy guruh a’zolaridan birining yonidan topilgan “gashish” giyohvandlik moddasi va sovuq qurol ashyoviy dalil tariqasida olinib, hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Ichki ishlar vazirligi tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida internet narkodo‘konning sakkiz nafar yirik a’zolari ushlanib, ularning 219 kilogramm miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarini saqlab kelgani aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona jinoiy guruh Qirguli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing