Uch davlat AQSHdan Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun ruxsat oldi
Olam
−
21 yanvar 2022
14118AQSH ma’muriyati Estoniya, Latviya va Litvaga Amerikada ishlab chiqarilgan Javelin va Stinger tankka qarshi va zenit raketa majmualarini Ukrainaga yetkazib berishga ruxsat berdi.
“The Wall Street Journal” gazetasining amerikalik mulozimga tayanib yozishicha, Rossiya bilan ziddiyatli vaziyatda Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash qarori qabul qilingan.
“AQSH Boltiqbo‘yining uch davlati – NATO a’zolariga Ukrainaga Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni yuborishga ruxsat berdi”, deyiladi maqolada.
Rasmiyning nashrga aytishicha, Jo Bayden ma’muriyati Kongressni Ukrainaga Mi-17 transport vertolyotlarini sotishni ma’qullash rejalari haqida ma’lumot bergan.
Pentagon va AQSH Davlat departamenti ikkala mavzu bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi