Hujum yagona ssenariy emas – Bayden Rossiyaning “nayranglari” haqida
Olam
−
21 yanvar 2022
8577Agarda Rossiya harbiylaridan birortasi Ukraina chegarasini kesib o‘tsa, mamlakat “katta to‘lov” qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda AQSH Prezident Jo Bayden aytib o‘tdi.
AQSHning yuqori martabali diplomati Jenevada Rossiya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashishidan bir kun oldin kecha, 20 yanvar kuni Bayden Ukraina bilan chegarada 100 mingga yaqin askar to‘plagan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga aniq ogohlantirish berganini aytgan.
“Agar Rossiya bo‘linmalari Ukraina chegarasini kesib o‘tsa, bu bosqinlik bo‘ladi. Bunday harakat “qattiq va kelishilgan iqtisodiy javobni talab qiladi, men buni ittifoqchilarimiz bilan uzoq vaqt muhokama qildim va Prezident Putinga ham aniq aytdim. Hech qanday shubha yo‘qki, agar Putin bu tanlovni qilsa, Rossiya juda katta badal to‘laydi”, deydi Bayden.
Shuningdek, Amerika rahbari agar Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi noharbiy usullar bilan kirishga harakat qilsa, Qo‘shma Shtatlar chora ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi.
U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish ehtimoli haqida gapirar ekan: “Bu biz tayyor bo‘lishimiz kerak bo‘lgan yagona ssenariy emas”, degan.
“Rossiya uzoq vaqtdan beri ochiq harbiy harakatlardan ko‘ra boshqa tajovuzkor usullarni qo‘llagan: yarim harbiy taktika, kulrang zonadagi hujumlar, maxsus kiyim kiymagan rus harbiylarining harakatlari. Shu bois, biz ham qo‘limizda bo‘lgan turli vositalardan foydalangan holda bunga qat’iy va yagona javob berishga tayyor bo‘lishimiz kerak”, deya ta’kidlagan Bayden.
Davlat rahbaraning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Tashqi ishlar vaziri AQSHning qo‘llab-quvvatlashiga ishonishini aytgan. Va buning uchun uning sabablari bor.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi