U ko‘pchilikni uyg‘otganidan hijolat bo‘ldi – “Bosar-tusarini bilmagan deputat” uzr so‘radi (video)
Jamiyat
−
25 aprel 2020
21171Shu kunlarda IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jamoatchilik orasida jiddiy muhokamaga sabab bo‘layotgandi. Unda xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida turadigan Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari janjali aks etgandi. Holat yuzasidan kutilmaganda Tolib Muhammadiyev o‘z uzrini so‘rab chiqdi.
“Assalomu alaykum Namangan ahli, hurmatli O‘zbekiston fuqarolari. Men xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev bo‘laman. O‘zim bilan bog‘liq bo‘lgan, bir haftadan beri ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning har xil fikrlariga sababchi bo‘lgan voqea yuzasidan o‘z chiqishimni qilmayotgan edim. Mana, bugun o‘zimning chiqishimni qilishimdan maqsad, avvalo, xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatlari, meni saylagan saylovchilar va barcha O‘zbekistondagi fuqarolar va deputatlardan uzrimni so‘rayman. Ushbu holat men bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pchilikni uyg‘otishga, salbiy fikrlarini aytib chiqishiga sabab bo‘lganidan uzr so‘rayman”, deydi deputat.
U shuningdek, o‘sha kuni ikkala taraf ham qizishib ketgani, xodimlar o‘z vazifasini bajarganini aytib, jamoatchilik faollarini taraflarga salbiy fikrlar berishdan qaytardi.
“O‘sha kuni men rostan ham ishchi-xodimlarning holidan xabar olib, uyiga pul tarqatish uchun ko‘chaga chiqqandim. Aslida, bu menga ham mumkin emasligini bilardim. Sizlardan ham iltimos qilib qolaman. Uyda qolinglar, karantin vaqtida qonunlar barchamizga barobar. Uyda qolib, pandemiya davrida ushbu kasallikning ko‘payishini oldini olib, tinch, ahil, totuv yashab qolishingizni so‘rab qolaman. Bu holatlar, Xudo xohlasa, uzoqqa cho‘zilmasdan yakuniga yetadi.
Endi ichki ishlar xodimlariga kelsak, bu holat bo‘yicha ularda ham, menda ham ozgina qizishib ketgan joylarimiz bor. Lekin Ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlariga ham oson emas. Ular ham pandemiya davrida sutkalab ishlayapti. Ular bilan o‘rtamizda bo‘lgan holat bo‘yicha o‘zimdan ham, fuqarolardan ham talab qilib qolaman. Ular ham qiyinchilik holatlarini ko‘ra bilib turib, stress holatida shu voqealar yuzaga keldi.
Aslida, Ichki ishlar xodimlari ham ushbu ishlarga to‘laqonli sababchi, deb baho bera olmayman. Ular ham ish joyida bizning, xalqimizning tinchligini o‘ylab, shu kasallikka chalinib qolmasligini istab, juda ham qattiqqo‘llik bilan chegarada, postlarda qo‘riqlashyapti. Faqat endi sizlardan uzr so‘rayman, Ichki ishlarga, deputatga bo‘lgan fikringizni yomon, salbiy bo‘lishidan qaytaraman. Sizlardan iltimos, Xudo xohlasa, bunaqa holatlar qaytib hech kimda bo‘lmasligi va takrorlanmasligini so‘rab qolaman. Uyda qolinglar, farzandlaringiz, oilangiz bilan sog‘-salomat, tinch va baxtli hayot kechiringlar”.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ tahririyati IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi yuzasidan Axborot xizmatiga bir nechta savollar yo‘llagandi. Hozircha ularga javob qaytarilmadi. 20 aprel kuni deputat Tolib Muhammadiyev voqea yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z vajlarini keltirib, IIB va Milliy Gvardiya xodimlarini aybladi.
Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 ta deputati holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat jo‘natdi. Unda YPX inspektorining xizmat “bodi-kamera”sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi, lavha noxolis tayyorlangan bo‘lsa, aybdorlarga intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi, bu haqda jamoatchilikka xabar qilinishi va boshqalar so‘ralgandi. Biroq bu talablar ham hozircha bajarilmadi.
2020 yilning 23 aprel kuni IIVdan sado chiqib, ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgani, voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, bu haqda o‘rnatilgan tartibda jamoatchilikka xabar yetkazilishi ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi