Maktablarga 350 mlrd so‘m ajratilgan, ammo jihozlar hali sotib olinmagan – deputat (video)

Jamiyat

image

Joriy yil yakunigacha maktablarda 1000 ta kompyuter sinfi tashkil etish kerak va 6300 ta elektron doska yetkazilishi zarur, biroq hozirga qadar ularning birortasi ham xarid qilinmagan. Bu haqda deputat Zuhriddin Mavlonov joriy yilning 25 avgust kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida so‘z ochdi.

Mazkur vazifa 2030 strategiyasi hamda 2026 yilga mo‘ljallangan davlat dasturining sakkizinchi bandida belgilangan. Unga ko‘ra, yil yakuniga qadar umumta’lim maktablarida 1000 ta yangi kompyuter sinfi tashkil etilishi va 6300 ta elektron doska xarid qilinishi kerak. Buning uchun davlat byudjetidan jami 350 milliard so‘m ajratilgan. Deputatning aytishicha, belgilangan vazifani bajarish uchun mablag‘ ham, mas’ullar ham, muddat ham aniq. Biroq hozirgacha amaliy natija ko‘rinmagan.

“Mablag‘ aniq, mas’ul aniq, muddat bor, lekin hozirga qadar birortasi amalga oshirilmagan. Kechikish sabablari nimada?” deydi Zuhriddin Mavlonov.

Mavlonov yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolganini ham ta’kidlab, qolgan to‘rt oy ichida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish mumkinmi, degan savolni o‘rtaga tashlagan.

“Bir haftadan keyin yangi o‘quv yili boshlanadigan maktablarimizda nega haligacha elektron doskalar yoki kompyuter sinflari tashkil etilmadi? Yil yakuniga to‘rt oy qoldi. To‘rt oy yakunigacha 1000 ta kompyuter sinfi tashkil etilib, 6000 dan ziyod elektron doskalar maktablarga yetkazib beriladimi?” deya so‘raydi deputat.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova esa kechikish xarid jarayonlari bilan bog‘liqligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tender savdolari o‘tkazilmoqda.

“Davlat byudjeti qonuniga asosan 2026 yilda maktablarimizni 1000 ta kompyuter sinflari bilan ta’minlash yuzasidan 250 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Dastlabki ekspertiza xulosalari asosida ushbu mablag‘larga 1000 ta emas, balki 1350 ta kompyuter sinfi to‘plamini xarid qilish belgilandi. Hozirda dastlabki ekspertiza xulosalari olingan va tender savdolari e’longa joylashtirilgan”, deydi E’zoza Karimova.

Elektron doskalar bo‘yicha ham alohida tender jarayoni olib borilmoqda. Vazirning ma’lum qilishicha, dastlabki tenderda g‘olib aniqlanmagani sababli xarid qayta e’lon qilingan.

“Maktablarimizni elektron doskalar bilan ta’minlash bo‘yicha ham 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 12 iyul kuni elektron doskalarni sotib olish bo‘yicha tender savdolariga e’lon qo‘yilgan, lekin g‘olib aniqlanmaganligi sababli 10 avgust kuni yana qayta tender e’lon qilindi”, deydi vazir.

Vazirning aytishicha, elektron doskalar bo‘yicha g‘olibni aniqlash jarayoni joriy yilning 26 avgustiga belgilangan. Shundan so‘ng xaridlar amalga oshiriladi.

“G‘oliblar aniq bo‘lgandan keyin barcha xaridlar amalga oshiriladi. Oktyabr oyi yakuniga qadar barcha belgilangan kompyuter sinf to‘plamlari ham, elektron doskalar ham maktablarimizga to‘liq yetkazib beriladi va davlat dasturida belgilangan ko‘rsatkichlarga chiqamiz”, deb so‘zini yakunlaydi E’zoza Karimova.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablarida 2026–2027 o‘quv yili darslari 2 sentyabr, chorshanba kunidan boshlanishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing