Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlari qayta tizimlashtiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari 12 tadan 11 taga tizimlashtiriladi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning fuqarolar bilan muloqot qilish tartibi aniq belgilanib, ular fuqaroga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishi shart bo‘ladi. Bu haqda Senatning 19-yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.

Qonun loyihasini taqdim etgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning aytishicha, o‘zgartishlar Milliy gvardiyaning vazifa va vakolatlarini amaldagi funksiyalarga moslashtirish, takrorlanuvchi normalarni bartaraf etish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgan.

Uning ta’kidlashicha, Milliy gvardiya organlarining asosiy vazifalari 12 tadan 11 taga tizimlashtirilmoqda. Bunda huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va chek qo‘yish maqsadida aholi punktlaridagi jamoat joylarida patrullik qilish hamda davlat, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’ektlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash bilan bog‘liq vazifalar qayta tartibga solinadi.

Shu bilan birga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklar va boshqa g‘ayriqonuniy harakatlarga chek qo‘yish bo‘yicha yangi vazifa belgilanmoqda. Bu tadbirlar qonunchilikda belgilangan tartibda Milliy gvardiya tomonidan mustaqil ravishda yoki vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Qonunning yana bir muhim jihati Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining fuqarolar bilan muloqot qilish tartibiga taalluqli.

Amaldagi qonunchilikda xodim fuqaroga murojaat qilganda yoki fuqaro unga murojaat qilganda o‘zini tanishtirish tartibi aniq belgilanmagan. Yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, harbiy xizmatchi fuqaroga murojaat qilganda o‘z lavozimi, unvoni, familiyasi, ismi va otasining ismini aytishi, murojaat qilish sababi va maqsadini tushuntirishi shart bo‘ladi. Fuqaroning talabiga ko‘ra esa xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi kerak.

Agar fuqaroning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilsa, harbiy xizmatchi bunday choralarning sababi va asoslarini, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquq va majburiyatlarini tushuntirishi lozim.

Fuqaro Milliy gvardiya harbiy xizmatchisiga murojaat qilganida ham xodim o‘zini tanishtirib, murojaatni diqqat bilan eshitishi, o‘z vakolati doirasida tegishli chora ko‘rishi yoki masalani hal qilish qaysi organ vakolatiga kirishini tushuntirishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashda maxsus vositalarning zamonaviy turlaridan foydalanish bo‘yicha Milliy gvardiyaning huquqlari aniqlashtirilmoqda. Shu bilan birga, uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lmagan ayrim huquqlar chiqarib tashlanadi.

Qutbiddin Burxonovning aytishicha, qonun loyihasi qo‘mita huzuridagi ishchi guruh a’zolari, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida muhokama qilingan.

Mazkur o‘zgartishlar Milliy gvardiya faoliyati samaradorligini oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda ochiqlik va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan.

Senatorlar qonunni ma’qullagan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing