Jamoat xavfsizligi uchun kadrlar tayyorlash tizimi o‘zgaradi

Jamiyat

image

2026/2027 o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasi uchun kadrlar tayyorlash ko‘lami kengaytiriladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 26 avgustdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, universitetning bakalavriat bo‘yicha yillik qabul kvotasi kunduzgi ta’lim shaklida 600 nafargacha kursant, masofaviy ta’lim shaklida esa 300 nafargacha tinglovchi etib belgilanadi. Ularning 75 foizi Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Ichki ishlar vazirligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashda qabul kvotalari va mutaxassisliklar taqsimoti ichki ishlar organlarining ehtiyojidan kelib chiqib belgilanadi. Bu masala Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti bilan kelishiladi.

Shuningdek, universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya uchun “Yurisprudensiya” yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi.

Bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi. Masofaviy ta’limda esa “Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash” yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyada jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlar va harbiy xizmatchilar magistraturada “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Vatan tayanchi” a’zolari va ikki respublika musobaqasi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma berilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing