Turkmanistonda hali qurib bitkazilmagan shaharning futbol klubi tashkil etildi

Sport

image

Turkmanistonda qurilayotgan Arqadag‘ shahrining futbol klubi tashkil etildi. Bu haqda "TDX" davlat axborot agentligi xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Turkmanistonda Arqadag‘ sharafiga nomlangan shahar va telekanaldan so‘ng endilikda shu nomdagi futbol klubi va gazetaga ham asos solingan. Bu haqda mamlakat sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Arqadag‘ shahrining qurilishi bilan tanishish uchun borganida ma’lum qilingan. Shahar qurilishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisi Daryageldi Orazov hamda bo‘lajak shaharning hokimi Shomuhammat Durdiliyev Berdimuhamedovga "Arqadag‘" futbol klubining ramzlari va futbolchilarining liboslarini namoyish qilgan. 

Mahalliy nashrlardan birining yozishicha, Lebab va Doshog‘uz viloyatlaridan biror jamoa Turkmaniston milliy chempionatida qatnashmaydi. Shunday bo‘lsada, hali qurib bitkazilmagan shahar endi davlat tomonidan moliyalashtiriluvchi o‘z futbol jamoasiga ega bo‘ldi. 

Arqadag‘ Gurbanguli Berdimuhamedov sharafiga nomlangan gazeta esa 2023 yilning iyul oyidan boshlab haftada bir marta chiqarilishi rejalashtirilgan. 

Ma’lumot uchun, ayni paytda Turkmanistonning Axal viloyatida yangi ma’muriy markaz sifatida shu nomdagi shahar ham bunyod etilmoqda. Yangi shaharning ochilishi shu yil yozda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Taxminan 70 ming kishi istiqomat qiladigan yangi ma’muriy markaz Ashxoboddan 30 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan 950 gektar maydonda qurilyapti. Shahar qurilishi uchun 5 milliard dollar atrofida mablag‘ sarflanishi belgilab qo‘yilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi qurilayotgan shaharda Arqadag‘ haykali ham o‘rnatilgandi.  Shu yilning 24 mart kuni esa shaharga poytaxt Ashxobodda ham yo‘q bo‘lgan davlat ahamiyatiga ega shahar maqomi berilgandi. Shuningdek, mart oyining oxirida shu nomdagi telekanal ham ishga tushirilgan.

Nodirjon Madaminov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Turkmaniston Arqadag' futbol klubi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing