Turkiyadagi NATOga qarshi namoyishlarda yuzlab kommunistik partiya vakillari ushlandi
Olam
−
06 iyul 2819 3 daqiqa
Turkiyaning poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida o‘tkazilgan alyansga qarshi namoyishlarda 100 dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya Kommunistik partiyasi (TKP) xabar qildi.
Partiya 7-8 iyul kunlari Turkiya poytaxtida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan NATO sammiti oldidan 5 iyul kuni Anqarada NATOga qarshi ommaviy miting o‘tkazishga chaqirgan. Ular o‘zining dastlabki murojaatida NATOni tashkil etilganidan beri butun dunyo xalqlariga urush va vayronagarchilik keltirgan tashkilot sifatida ta’riflagan va sammit Turkiyani NATOning harbiy va siyosiy kun tartibiga yanada integratsiya qilishini ta’kidlagan.
“NATO o‘lim va sharmandalik demakdir. Hayot, mustaqillik va sotsializm abadiy bo‘lsin”, degan TKP fuqarolarni Anqaradagi Tandog‘an maydonida to‘planishga chaqirib.
Turkiya Kommunistik partiyasi bayonotiga ko‘ra, Anqara markazidagi Qizilay maydonida o‘tkazilgan yurish chog‘ida partiyaning 100 dan ortiq a’zosi, jumladan rahbar xodimlari ham qo‘lga olingan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda bayroq ko‘targan namoyishchilar “Qotil NATO, mamlakatdan chiq!”, “NATOga yo‘l yo‘q!” kabi shiorlarni aytgani aks etgan. Namoyishni tarqatish uchun politsiya ko‘zdan yosh chiqaruvchi gazdan foydalangan.
Qayd etilishicha, Istanbulda ham Kommunistik partiya tashkil etgan alohida aksiyada yuzlab odamlar Taksim maydonidan Dolmabog‘chagacha yurish qilgan. Shuningdek, Kadikyoy tumanida so‘l qanot guruhlari tomonidan yana ikki namoyish o‘tkazilgan. Istanbulda politsiya kuchaytirilgan tartibda xizmat qilgan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar qayd etilmagan.
“Bugun Turkiyaning turli hududlarida NATOga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ildik. Biz Anqarani NATO tarafdorlariga topshirmasligimizni, poytaxt sukut saqlashiga yo‘l qo‘ymasligimizni aytgan edik. Bu va’damizni bajardik”, degan Turkiya Kommunistik partiyasi bosh kotibi Kamol Okuyan.
Hukumat hozircha namoyishlar yoki qo‘lga olishlar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.
Turkiyadagi kurdparvar DEM partiyasi hamraisi Tunjer Bakirxon va asosiy muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi (CHP)ning sud tomonidan tayinlangan rahbari Kamol Qilichdoro‘g‘li bu harakatlarni qattiq tanqid qilgan.
“NATO sammitini bahona qilib, butun mamlakat deyarli hibsxonaga aylantirildi. Biz rasman e’lon qilinmagan harbiy holatga o‘xshash kunlarni boshdan kechirmoqdamiz”, deb yozgan Bakirxon X ijtimoiy tarmog‘ida.
Turkiya prokuraturasi esa avvalroq mazkur operatsiyalar terrorchilik guruhlari faoliyatini fosh etishga qaratilganini bildirgan, ammo ularning NATO sammiti bilan bog‘liqligini tasdiqlamagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 7-8 iyul kunlari Anqarada o‘tadigan NATO sammitida alyansga a’zo 32 davlat rahbarlari hamda hamkor mamlakatlar vakillari ishtirok etishi xabar qilingandi.
Sammit oldidan poytaxtda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Namoyishlar taqiqlanib, shaharning katta qismi to‘siqlar bilan o‘ralgan va qator yo‘llar yopilgandi. Turkiya huquq-tartibot idoralari sammit arafasida Anqarada o‘tkazilgan terrorizmga qarshi reydlar davomida 225 kishini ushlagan, shulardan 103 nafari hibsga olingan edi.
Xabarlarga ko‘ra, kecha, 5 iyul kuni esa mamlakatning turli hududlarida o‘tkazilgan yana bir qator terrorizmga qarshi reydlarda 39 kishi, jumladan mustaqil OAV jurnalistlari, faollar va akademiklar ham qo‘lga olingan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust