NATO yetakchilari Anqarada yig‘iladi

Olam

image

Kelasi hafta, 7–8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqarada NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Sammit davomida alyans ichidagi so‘nggi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, mudofaa xarajatlarini oshirish hamda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi.

Qayd etilishicha, sammit AQSH va Yevropa davlatlari o‘rtasida Eron mojarosi, Grenlandiya masalasi hamda Vashingtonning NATO oldidagi majburiyatlarini qisqartirish haqidagi bayonotlari ortidan yuzaga kelgan keskin bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Yevropa davlatlari esa Tramp ma’muriyatiga qit’a mudofaasi uchun ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotganini namoyish etishga urinmoqda.

NATO Bosh kotibi Mark Ruttening aytishicha, sammitning asosiy maqsadi qo‘shimcha mudofaa xarajatlarini amaliy harbiy salohiyatga aylantirish va alyansning mudofaa sanoatini kengaytirishdan iborat.

“Kelasi haftadagi sammit qo‘shimcha xarajatlarni jangovar salohiyatga aylantirish va mudofaa sanoatini sezilarli darajada kengaytirishga qaratiladi”, degan Rutte.

Uning ta’kidlashicha, NATO AQSH, Kanada va Yevropa davlatlarini birlashtirgan harbiy-siyosiy alyans bo‘lib qoladi, biroq Yevropa davlatlari va Kanada qit’a mudofaasi uchun tobora ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmoqda.

Sammit yakunida a’zo davlatlar Rossiya tahdidiga qarshi mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlashi, shuningdek, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni moliyalashtirishni davom ettirishga va’da berishi kutilmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mezbonligidagi rasmiy tadbirda ishtirok etadi. Erdo‘g‘an sammit doirasida Donald Tramp bilan ham ikki tomonlama muzokara o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tramp yaqinda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSH NATO davlatlarini himoya qilish uchun katta mablag‘ sarflayotgani, biroq buning evaziga hech qanday foyda ko‘rmayotganini ta’kidlagan.

Shunga qaramay, NATO rahbariyati alyans AQSH xavfsizligi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini, Yevropa davlatlari esa mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha Vashingtonning uzoq yillik talablarini bajarishga kirishganini qayd etmoqda.

“NATO yashab turibdi, ammo biroz jarohatlangan”, degan ismi oshkor etilmagan yevropalik diplomat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon rahbari Pit Xegset Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO mamlakatlari mudofaa idoralari rahbarlarining uchrashuvida alyansni tanqid qilib, tashkilotni qayta ishga tushirishga – “NATO 3.0”ni yaratishga chaqirgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing