Turkiyada o‘gay otasining jinsiy tajovuziga uchragan qiz O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat
−
14 iyun
8438Turkiyada o‘gay otasining jinsiy tajovuziga uchragan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan qiz onasi bilan 2015 yilda ishlash maqsadida Turkiyaga borgan va Istanbul shahriga joylashgan. Uning onasi Turkiya fuqarosi bilan tanishib, shar’iy nikoh asosida turmush qurgan va uning uyida yashashni boshlagan.
O‘gay ota esa voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinsiy tajovuz qilgan. Shu sababli, 2017 yilda qiz Istanbuldagi bolalar uyiga joylashtirilgan. Joriy yilning fevral oyida esa uning opasi sudga qilgan murojaati asosida u bolalar uyidan ozod qilingan.
Biroq qizning opasi keyinchalik Turkiya politsiyasiga kuch ishlatgani uchun qamoqqa tushgan va voyaga yetmagan fuqaro yana qarovsiz qolgan.
Bosh konsulxona bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur fuqaroning O‘zbekistonga qaytarilishi va uni qonuniy vakillariga topshirilishini tashkil etgan.
“Bosh konsulxona fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni voyaga yetmagan farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, ularning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga alohida e’tibor qaratishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida oyog‘i singan va og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosiga Bosh konsulxona tomonidan mamlakatga qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatilgandi.
LiveBarchasi