Turkiyada Rossiya-AQSH muzokaralarining ikkinchi raundi boshlandi
Olam
−
10 aprel 2945 2 daqiqa
Bugun, 10 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini normallashtirish bo‘yicha Rossiya-AQSH maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi boshlandi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muzokaralar Rossiya bosh konsulligi binosida yopiq shaklda boshlangan.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, muzokaralar kamida to‘rt soat davom etishi mumkin. Rossiya delegatsiyasiga Rossiyaning AQSHdagi elchisi Aleksandr Darchiyev boshchilik qilmoqda. Amerika tomoni nomidan Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter ishtirok etmoqda. Muzokaralarda Rossiya va AQSH diplomatik idoralari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Darchiyevning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining “zaharli merosidan” xalos bo‘lishga yordam berishi kerak. Shuningdek, maslahatlashuvlarning yangi raundida Rossiya tomoni ilgari olib qo‘yilgan diplomatik mulkni qaytarish haqida gapiradi. Bundan tashqari, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalasini ham qo‘yadi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Rossiyadan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevdan iborat Rossiya delegatsiyasi AQSH vakillari bilan muzokara o‘tkazgandi. Uchrashuvda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirok etdi. Dmitriyev Saudiya Arabistonida ikki tomonlama muzokaralar boshlanishidan oldin Amerika neft kompaniyalari Rossiyaga qaytishi mumkinligi, Kreml ham AQSH bilan Arktikadagi qo‘shma loyihalardan manfaatdor ekanini aytgandi. Keyinchalik Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kirill Dmitriyevni xalqaro iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakil etib tayinladi.
27 fevral kuni Istanbuldagi AQSH Bosh konsulligida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida 6 soatdan ortiq vaqt davomida yopiq formatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter, Rossiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev boshchilik qildi. Ikki davlat vakillari o‘z elchixonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Keyinchalik 6 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina va Yevropa davlatlarini hayratda qoldirgan yaqinlashuvga rahbarlik qilish uchun G‘arbni ommaviy qoralashi bilan tanilgan faxriy diplomat Aleksandr Darchiyevni AQSHga elchi etib tayinladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr