Turkiyada namoyishlar ortidan hibsga olinganlar soni mingdan oshdi
Olam
−
24 mart
2087Turkiya politsiyasi Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari chog‘ida 1,1 mingdan ortiq kishini qo‘lga oldi. Bu haqda bugun, 24 mart mamlakat Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
“19 martdan 23 martgacha bo‘lgan davrda sodir etilgan noqonuniy harakatlar uchun 1133 gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Ulardan 12 nafari turli terroristik tashkilotlar bilan bog‘liq ekani aniqlandi”, deb yozdi Yerliqoya.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, namoyishlarni tarqatish chog‘ida kamida 123 nafar politsiya xodimi jarohat olgan. Shuningdek, u yana bir bor fuqarolarni tartib-intizomga rioya qilishga, ehtiyot bo‘lishga va sog‘lom fikr bilan harakat qilishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ekrem Imomo‘g‘li Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan Istanbul shahar hokimligiga qarshi ochilgan korrupsiya tergovi doirasida hibsga olingan edi. Istanbul Bosh prokuraturasi Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish, jinoiy tashkilotga a’zolik, tovlamachilik, poraxo‘rlik, malakali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va tender savdolarini soxtalashtirish kabi ayblovlar bilan boshlangan tergov ishlarini davom ettirmoqda.
Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.
Shuningdek, korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘li vaqtinchalik chora sifatida o‘z lavozimidan chetlatildi. Keyinroq Turkiya muxolifati – Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel hibsga olingan va lavozimidan chetlatilgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishi uchun partiya praymerizida deyarli 15 million kishi ovoz berganini bildirdi. Shu tariqa Imomo‘g‘li rasman Turkiya prezidentligiga nomzod bo‘ldi.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.