Turkiya kuch ishlatish tarafdori. Rossiya esa buni o‘ziga moslab talqin qilmoqda
Olam
−
02 Oktabr 2020
18253Kecha, 1 oktyabr kuni Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu va Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot ikki davlat ommaviy axborot vositalarida ikki xil talqin qilinmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida qayd etilishicha, suhbatda Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi keskinlikning kuchayishi muhokama qilingan. Vazirlar davom etayotgan qurolli to‘qnashuvdan “jiddiy xavotirdaliklari va jangovar harakatlarni darhol to‘xtatish tarafdorlari ekanlarini” bildirishgan. Ammo Turkiya tarafi Rossiyaning bu bayonotini rad etmoqda.
“Mojaroga boshqa hududlardan kelgan noqonuniy qurolli tuzilmalar jangarilarining jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi. Baku va Yerevanga siyosiy va diplomatik yordam ko‘rsatish nuqtai nazaridan o‘ta muvozanatli qadamlar qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Ular Tog‘li Qorabog‘ mojarosini tezroq tinch muzokaralar bilan barqarorlashtirish bo‘yicha Rossiya va Turkiyaning harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Rossiya tomonida e’tibor YeXHTning Minsk guruhi hamraislari tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlarga, shu jumladan Rossiya, AQSH va Fransiya Prezidentlarining 2020 yil 1 oktyabrdagi qo‘shma bayonotiga qaratildi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligining yozishicha, suhbatda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘lu Ozarbayjon va Armaniston murosasi haqida miq etmagan. Turkiya tarafi masalani kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish tarafdori.
Xabarda ta’kidlanishicha, “Armaniston-Ozarbayjon mojarosi uzoq muddatli sulh bilan tartibga solinmasa va Armaniston tomonidan Ozarbayjon hududlarini bosib olish tugamasa, o‘t ochishni to‘xtatish mantiqiy bo‘lmaydi”.
Bu haqda Chovusho‘g‘li rossiyalik hamkasbi Lavrovga aytib o‘tgan. Biroq, Rossiya tarafi suhbatning bu qismini yoritmagan.
“Diplomatik manbalarga ko‘ra, Chovusho‘g‘li, "bugun sulhga erishilgan taqdirda ham, ishg‘ol qilingan yerlar qaytarilmasa, yana to‘qnashuvlar boshlanadi", deb ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat tashqi idoralari rahbarlari Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boshlanganda, 27 sentyabr kuni ham telefon orqali suhbatlashgan edilar.
Shuni alohida qayd etish o‘rinliki, Tog‘li Qarobog‘ mojarosida Turkiya Ozarbayjonni alohida qo‘llab-quvvatlamoqda. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bir necha bor Turkiya xalqi va davlati barcha imkoniyatlari bilan Ozarbayjon tarafida ekani va Armaniston bosib olingan yerlarni qaytarishi kerakligini aytib chiqdi. Bu haqida so‘z ocharkan, Erdo‘g‘an, "bugun Ozarbayjon va Armanistonni muzokaralarga chaqirayotganlar 30 yil davomida Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal etmadilar, hal etishni istamadilar", dedi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr