Turkiya Gretsiya xalqaro huquqni buzganiga dalil ko‘rsatdi
Olam
−
26 Sentabr 2022
9779Gretsiya xalqaro huquqni buzgan holda noharbiy maqomga ega Egey orollariga zirhli transport vositalarini olib o‘tdi. Bu haqda “Anadolu” agentligi Turkiya Qurolli Kuchlari dronlari tushirgan tasvirlarga asoslanib xabar berdi.
Xavfsizlik idoralaridagi manbalarga ko‘ra, desant kemasi AQSH tomonidan Dedeag‘och portiga joylashtirilgan harbiy texnikalarni Sisam va Lesbos orollariga yetkazgan.
Xabarda aytilishicha, 23 ta g‘ildirakli zirhli transport vositalari Lesbosga, 18 tasi Sisamga yuborilgan.
Qayd etilishicha, 18 va 21 sentyabr kunlari yuz bergan voqealar Gretsiya Turkiya yaqinidagi orollarga qurol yetkazib berishda va noharbiy maqomga ega orollar maqomini buzishda davom etayotganining yaqqol dalilidir.
Xabarda aytilishicha, Gretsiya tomoni, xususan, Qo‘shma Shtatlar tomonidan uzatilgan qurollarni ushbu orollarga joylashtirishga intilmoqda.
Nashrning yozishicha, xavfsizlik idoralaridagi manbalar Turkiyaning NATOdagi ittifoqchisi Gretsiyaning muloqot va yaxshi qo‘shnichilik chaqiriqlariga hamda xalqaro huquq va ittifoqchilik ruhiga zid bo‘lgan agressiv harakatlarini “qat’iy qabul qilib bo‘lmaydi”, deya ta’kidlamoqda.
“Gretsiya uzoq yillardan buyon bu ikki orolning noharbiy maqomini bu yerga qurol-yarog‘ joylashtirish orqali buzmoqda. So‘nggi yetkazib berishlar Gretsiya tomoniga ba’zi harbiy mashinalarni AQSH bergan zirxli transportlarga almashtirish imkonini berdi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Erdo‘g‘an Gretsiyani tarixdan saboq olishgan chaqirgandi. U 1922 yilda Gretsiyaning so‘nggi tayanchi – Egey dengizi sohilidagi Izmir shahrining qo‘lga kiritilishi va Gretsiya qo‘shinlarining Turkiya hududidan chiqarib yuborilishi bilan yunon-turk urushi yakunlanganini eslatib o‘tgan.
Gretsiya Tashqi ishlar vaziri esa NATO va Yevropa Ittifoqini Turkiya bilan jiddiy mojaro yuz berishidan ogohlantirgan. U Turkiya rasmiylarining bayonotlarini yunon xalqi uchun haqorat deb baholagan.
NATO blokidagi ikki qo‘shni va ittifoqchi Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi munosabatlar 23 avgustdan so‘ng keskinlashdi. Anqaraga ko‘ra, Turkiyaning F-16 samolyotlari Egey dengizi ustidagi havo hududida NATO topshiriqlarini bajarayotgan bir paytda qiruvchi samolyotlar Krit orolida joylashtirilgan S-300 havo hujumidan mudofaa tizimining radariga tushib qolgan. Turkiya rasmiylari Gretsiyaning harakatlarini provokatsion va dushmanona deb beholagan va ularni javobsiz qoldirmaslikka va’da bergan.
Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri Gretsiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari Egey dengizi osmonida turk qiruvchilarini 158 marta ta’qib qilgan va Turkiya havo hududini 256 marta buzgan.
Turkiya allaqachon Gretsiyaning o‘z harbiy samolyotlarini ta’qib etishi va umuman Anqaraga nisbatan keskinlik siyosati masalasini NATO darajasida ko‘tarish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi