AQSH va NATO nizolashayotgan Turkiya va Gretsiyaga tavsiya bilan chiqdi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya va Gretsiyani o‘zaro kelishmovchiliklarni muloqot yo‘li bilan yechishga chaqirdi.

Amerika diplomatiyasi rahbari Bryusselda NATO bosh qarorgohida Yens Stoltenberg bilan uchrashuvi yakunida rasmiy Anqara va Afina munosabatlaridagi taranglikka izoh bergan.

“Har ikki tomon Qo‘shma Shtatlarning hayotiy muhim ittifoqchisi va do‘sti hisoblanadi. Ular qator masalalarda turli qarashlarga ega. Biz bu qarama-qarshiliklar muloqot yo‘li bilan konstruktiv yechilishini xohlaymiz. Biz ular muammoni yana shu yo‘l bilan hal qilishini kutamiz”, degan Davlat kotibi.

Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligi haqidagi savolga Blinken Skandinaviya davlatlarining ittifoqqa qabul qilinishi borasida ittifoqchilar o‘rtasida keng konsensus mavjudligini va uning fikricha, jarayon oldinga siljishini aytdi.

Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, endi hamma e’tiborini Rossiyaga qaratishi kerak, chunki bu davlat transatlantik alyans uchun xavf tug‘diryapti.

NATO Bosh kotibi Stoltenberg ham Turkiya va Gretsiyani alyansning qimmatli ittifoqchilari deb atadi.

“Har bir davlat NATO missiyasiga o‘ziga xos tarzda hissa qo‘shadi. Albatta, kelishmovchiliklar diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishi kerak”, deydi Stoltenberg.

Bosh kotib, NATO Turkiya va Gretsiya o‘rtasida har qanday xavfli vaziyatni oldini olish uchun deeskalatsiya mexanizmi yaratganini va u bundan oldin ham qo‘llanilganini eslatgan.

Avvalroq, Erdo‘g‘an Gretsiyani tarixdan saboq olishgan chaqirgandi. U 1922 yilda Gretsiyaning so‘nggi tayanchi – Egey dengizi sohilidagi Izmir shahrining qo‘lga kiritilishi va Gretsiya qo‘shinlarining Turkiya hududidan chiqarib yuborilishi bilan yunon-turk urushi yakunlanganini eslatib o‘tgan.

Gretsiya Tashqi ishlar vaziri esa NATO va Yevropa Ittifoqini Turkiya bilan jiddiy mojaro yuz berishidan ogohlantirgan. U Turkiya rasmiylarining bayonotlarini yunon xalqi uchun haqorat deb baholagan.

NATO blokidagi ikki qo‘shni va ittifoqchi Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi munosabatlar 23 avgustdan so‘ng keskinlashdi. Anqaraga ko‘ra, Turkiyaning F-16 samolyotlari Egey dengizi ustidagi havo hududida NATO topshiriqlarini bajarayotgan bir paytda qiruvchi samolyotlar Krit orolida joylashtirilgan S-300 havo hujumidan mudofaa tizimining radariga tushib qolgan. Turkiya rasmiylari Gretsiyaning harakatlarini provokatsion va dushmanona deb beholagan va ularni javobsiz qoldirmaslikka va’da bergan.

Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan beri Gretsiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari Egey dengizi osmonida turk qiruvchilarini 158 marta ta’qib qilgan va Turkiya havo hududini 256 marta buzgan.

Turkiya allaqachon Gretsiyaning o‘z harbiy samolyotlarini ta’qib etishi va umuman Anqaraga nisbatan keskinlik siyosati masalasini NATO darajasida ko‘tarish niyatida ekanligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya-Gretsiya

Baholaganlar

79

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing