Turkiy Kengashga a’zo davlatlarda ahvol qanday? O‘zbekiston qaysi o‘rinda bormoqda?
Tahlil
−
15 aprel 2020
17279Ma’lumki, joriy yilning 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tdi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun videoanjuman tarzida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston ushbu tashkilotga 2019 yilning 14 sentyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan a’zo bo‘ldi va oktyabr oyida Ozarbayjonning Baku shahrida o‘tkazilgan yettinchi sammitda ishtirok etdi.
Tashkilotga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston a’zo.
Ayni vaqtgacha tezlik bilan tarqalib borayotgan bu xatarli infeksiya 160 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlarni ham chetlab o‘tgani yo‘q.
Kasallik tarqalishi bo‘yicha yuqori o‘rinni nafaqat tashkilot doirasida, balki mintaqada Turkiya egallab kelmoqda. Mamlakatda ushbu virus bilan og‘rigan bemorlar 65 111 kishini tashkil etmoqda. Ulardan 1 403 nafari vafot etdi. 4 799 nafari sog‘aydi. Mamlakatda mavjud bemorlar 58 909 nafarni tashkil etmoqda. Biroq, mamlakatda ko‘rilgan karantin choralari hamma vaqtda ham o‘zining kutilgan natijasini bermayapti. Joriy hafta boshidan kasallik aniqlanishi bilan bog‘liq kundalik natija kuniga 4 mingdan oshmoqda.
Keyingi o‘rinni O‘zbekistondan biroz farq bilan Qozog‘iston egallab turibdi. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 13 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha 1290 kishida ushbu virus aniqlandi. Qozog‘iston o‘lim va sog‘ayish borasida ham O‘zbekistondan oldinda bormoqda. Mamlakatda infeksiya oqibatida 16 kishi vafot etdi. Jami bemorlarning 240 nafari sog‘aydi. Respublikasi 16 martdan 15 aprelga qadar Favqulodda holat e’lon qilingan edi. Keyinroq, vaziyat keskin tus olgani sabab favqulodda holat rejimi uzaytirildi.
Uchinchi o‘rinda O‘zbekiston bormoqda. 34 million aholiga ega mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat 15 mart kuni aniqlangan bo‘lsa, ayni vaqtda bemorlar 1 275 nafarga yetgan. Ulardan 4 nafari vafot etdi, 107 nafari sog‘aydi. Mamlakatda mavjud bemorlar 1 164 kishini tashkil etmoqda. O‘zbekistonda ham koronavirus bilan bog‘liq choralar kun sayin kuchaytirib borilmoqda. Ilk holat qayd etilganiga 1 oy, asosiy cheklovlar kuchga kirganiga esa 22 kun to‘ldi.
Tashkilotga a’zo davlatlar orasida O‘zbekiston va Qozog‘istondan biroz farq bilan to‘rtinchi o‘rinda Ozarbayjon bormoqda. Mamlakatning aholi soni (10 mln)ga nisbatan koronavirus yuqtirib olgan bemorlari ko‘proq. Ayni vaqtda ushbu infeksiya 1 253 kishida qayd etilgan. Ulardan 13 nafari vafot etdi, 404 nafari sog‘aydi. Mamlakatda mavjud bemorlar 836 kishini tashkil etmoqda. Ozarbayjon ham boshqa mamlakatlar qatori barcha eshiklarini yopib qo‘ygan. Respublikada mutlaq karantin davom etmoqda. Hukumat odamlarda uyda o‘tirishni talab qilmoqda.
Qirg‘izistonda koronavirus infeksiyasi yo tizginlandi, yo hali hammasi oldinda. Mamlakat nafaqat tashkilotga a’zo davlatlar orasida, balki mintaqa va dunyo miqyosida koronavirus nisbatan kam qayd etilgan mamlakatlar qatorida bormoqda. Qirg‘izistonda hozirgacha 449 ta holat qayd etildi. Ulardan 5 nafari vafot etdi, 78 nafari sog‘aydi. Mamlakatda mavjud bemorlar esa 366 nafarni tashkil etmoqda.
Ayni vaqtda ushbu tashkilotga a’zo davlatlar bir-biridagi tajribani o‘rganib, virusga qarshi birgalikda murosasiz kurashishda hamkorlik olib bormoqda. O‘zbekiston kuni kecha o‘tkazilgan sammitdan so‘ng Ozarbayjonga insonparvarlik yordamini yubordi. Boshqa mamlakatlar bilan aloqalar ham sharoit taqoza etgan darajada davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha o‘tkazilgan sammitda bir qator takliflarni ilgari surdi va uning tashabbuslari bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha taklif va tashabbuslari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining yakuniy hujjatida – Baku deklaratsiyasida o‘z aksini topdi.
Ushbu muhim hujjat turkiy tilli mamlakatlar rahbarlarining uchrashuvi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda siyosiy va huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
LiveBarchasi