O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganiga bir oy to‘ldi. Boshimizdan nimalar o‘tdi?
Tahlil
−
15 aprel 2020
12432O‘zbekistonda yangi turdagi koronavirus COVID-19 infeksiyasi bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganiga 1 oy to‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgani, 11 mart kuni Fransiyadan qaytgan O‘zbekiston fuqarosida ushbu virus aniqlangani aytildi. O‘tgan davr mobaynida koronavirus aniqlangan shaxslar soni 1165 nafarga yetdi. Ulardan 4 nafari vafot etdi, 99 nafari sog‘aydi. Mamlakatda mavjud bemorlar soni 1062 nafarni tashkil etmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgacha 100 mingdan ortiq kishi koronavirus testini topshirgan. Har kuni 8-9 ming kishi davlat byudjeti mablag‘laridan tekshirilmoqda.
Ma’lumki, koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgandan buyon mamlakatda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan keskin choralar ko‘rib kelinmoqda. Quyida bularning asosiylarini yodga olamiz:
- O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan aviaqatnovlar va avtobus uchun to‘liq taqiq qo‘ydi;
- Davlat va nodavlat tashkilotlarda yig‘ilish va majlislar o‘tkazish taqiqlandi;
- Davlat tashkilotlarida fuqarolarni qabul qilishning virtual usuli yo‘lga qo‘yildi;
- Vazirlik va idoralar xodimlarining xizmat safarlariga chiqishi cheklandi;
- O‘zbekistonda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, kollej va texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari karantinga yopildi;
- O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi-muftiy Usmonxon Alimov o‘zbekistonlik musulmonlarga murojaat bilan chiqib, vaziyatni tushuntirdi. Namozlarni karantin vaqtida uyda o‘qib turish fatvosi berildi;
- Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, sayyohlik kompaniyalari, jamoat tashkilotlari va yirik sanoat korxonalariga mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat barqaror holatga kelgunga qadar ichki turizmni rivojlantirishga doir tadbirlarni to‘xtatish tavsiya etildi;
- Respublika hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, xalqaro tadbirlar va sport musobaqalari, teatr, kino va konsert dasturlari vaqtincha to‘xtatildi;
- Ta’til vaqtida o‘quvchilarning bilim olishlari uchun “Oilaviy”, “Ma’rifat va madaniyat”, “Dunyo bo‘ylab” va “Yoshlar” telekanallarida 30 martdan boshlab videodarslar namoyish etilishi belgilandi;
- Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unda 10 trillion so‘m shakllantirilishi aytildi;
- Koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgani aytildi. Ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab, oylik maoshiga qo‘shimcha 120 foiz ustama to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi;
- Koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi;
- Hokimlarga iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliqlarni undirishni 6 oygacha kechiktirish vakolati berilishi ko‘rsatildi;
- yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, fermerlarning suv solig‘i 50 foizga kamaytiriladi. Bunda mahalliy byudjetdagi yo‘qotishlar respublika byudjetidan qoplab beriladigan bo‘ldi;
- Yil yakuniga qadar soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinadi va qiynalgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblash to‘xtatiladi. Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi;
- Xalqaro savdodagi vaziyatni inobatga olib, eksport-import bo‘yicha kechiktirilgan qarzdorlikka jarima qo‘llamaslik, “yashil yo‘lak”lardan mahsulot o‘tkazishni ko‘paytirish, yuk tashishda yuzaga kelayotgan masalalarni operativ hal etib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi;
- eng avvalo poytaxt Toshkentni viloyatlar bilan bog‘lovchi postlar yopildi. Keyinroq viloyatlardagi shaharlar va tumanlarni bog‘lovchi postlarda ham avtomobillar harakatiga cheklov o‘rnatildi.
- birinchilardan bo‘lib poytaxt Toshkentda jamoat transporti harakati to‘xtatildi. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlar ishni imkon qadar masofaviy tashkil etish talabi qo‘yildi.
- 24 mart kuni mamlakatda kuchaytirilgan tartib e’lon qilindi. 65 yoshdan keksalarning uydan chiqishiga nisbatan cheklovlar o‘rnatildi.
- Karantin qoidalariga rioya qilmaganlarga javobgarlik kuchaytirildi, uydan tashqarida niqobdan foydalanish majburiy etib belgilandi.
- 30 martdan 20 aprelga qadar barcha xalqaro aviatashuvlar to‘xtatildi.
- 30 martdan 1 aprelga qadar Nukus va Toshkent shaharlari va viloyatlar markazlarida maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtomobil boshqarishga cheklov o‘rnatildi. 6 apreldan e’tiboran ushbu cheklov skuter va velosipedlarga ham joriy qilindi.
- 6 apreldan boshlab dehqon bozorlari va supermarketlarga kirishda ijtimoiy masofani qo‘llash, har bir xaridorning haroratini o‘lchash majburiy etib belgilandi.
- O‘zbekiston musulmonlar idorasi Ulamolar Kengashining karantin davrida Ramazon oyini qanday o‘tkazish yuzasidan fatvo berdi. Unda tarovih namozlari, xatmi Qur’onlar uyda, oila davrasida o‘tkazilishi belgilandi.
LiveBarchasi