Turg‘unovga nega kam muddatli jazo berildi? Sud munosabat bildirdi

3-sahifa

image

Avvalroq, BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Doniyor Turg‘unov 2 yildan ortiqroq vaqtga qamalgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan tayinlangan jazo turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, muhokamalarda sudlanuvchiga yengil jazo berilganiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur hukm yuzasidan Toshkent shahar sudlari izoh berdi.

Qayd etilishicha, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarining sud tartibida ko‘rib chiqilishi va jazo tayinlash masalalari qonunchilikda alohida tartibga solingan. Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga (jinoyat sodir etilgan paytda u 16 yoshga to‘lmagan) tayinlangan jazo haqidagi rasmiy axborotda unga oid jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgani, jazo ham Jinoyat kodeksining 85-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) tartibida tayinlanganiga urg‘u berilganining sababi ham shunda. 

“O‘z navbatida, rasmiy axborot birinchi instansiya sudi hukmi bo‘yicha Toshkent shahar sudining nuqtai nazarini ifoda etmasligi o‘z-o‘zidan ma’lum. Ta’kid etilganidek, hukmga nisbatan taraflarning shikoyat berish huquqi va tartibi raislik etuvchi tomonidan tushuntirilgan.  Bu esa, taraflardan shikoyat tushsa, ish yuqori sud instansiyasida tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi va huquqiy baho berilishini anglatadi”, deyiladi xabarda.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida soat 21:46 da 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.

Keyinroq, 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi belgilandi.

Joriy yilning mart oyida boshida inspektorni urib ketgan o‘smir Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishi doirasida Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing