Doniyor Turg‘unov 2 yildan ortiqroq vaqtga qamaldi

3-sahifa

image

BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Doniyor Turg‘unov 2 yildan ortiqroq vaqtga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 18 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bo‘yicha (jabrlanuvchining vafotiga sabab bo‘lgan darajada qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) Doniyor Turg‘unovga (2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi) nisbatan yuritilgan jinoyat ishi yuzasidan yopiq sud majlisi nihoyasiga yetgan. 

Sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining qayd etilgan moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, unga nisbatan (JKning 85-moddasi tartibida) 2 (ikki) yil 4 (to‘rt) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Hukmga ko‘ra, jazoni o‘tash muddati sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan 2026 yilning 27 fevral kundan boshlab hisoblanadi.

Yakunda raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm mazmuni, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi hamda sud hukmiga nisbatan shikoyat qilish muddati va tartiblari tushuntirilgan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida soat 21:46 da 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.

Keyinroq, 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi belgilandi.

Joriy yilning mart oyida boshida inspektorni urib ketgan o‘smir Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishi doirasida Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgani xabar qilindi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing