Turg‘unovga berilgan jazo e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar sudlari izoh berdi (video)
3-sahifa
−
12:11 3911 3 daqiqa
Avvalroq, BMW bilan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan Doniyor To‘rg‘unov 2 yildan ortiqroq vaqtga qamalgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan tayinlangan jazo turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi, shuningdek, marhum inspektor Xosilbek Eshnazarovning otasi ham Doniyor To‘rg‘unovga berilgan jazo muddati kamligini bildirib chiqqandi. Mazkur hukm yuzasidan Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati izoh berdi.
“Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda jinoyatga jazo muqarrar. Jazoning asosiy maqsadi esa bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni axloqan tuzatish va tarbiyalashdir. Jazodan maqsad qasos olish yoki azob berish emas, balki jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatga sog‘lom a’zo sifatida qaytarish hisoblanadi”, deyiladi Toshkent shahar sudlari izohida.
Bildirilishicha, qonunchilikda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sudda ko‘rib chiqish va ularga jazo tayinlash masalalari alohida tartibga solingan. Xususan, voyaga yetmaganlarga oid jinoyat ishlari yopiq sud majlislarida ko‘rib chiqiladi. Ozodlikdan mahrum etish jazosi esa Jinoyat kodeksining 85-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) asosida tayinlanadi. Bunda jazo umumiy koloniyalarda emas, balki alohida tarbiya koloniyalarida o‘taladi.
“Qonunchilikdagi mazkur normalar bejiz emas. Chunki voyaga yetmaganlar ruhiy, fiziologik va ijtimoiy jihatdan hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Qayd etilgan huquqiy tartiblar jazodan maqsad qayta tarbiyalash ekanini yana bir bor ko‘rsatadi”, deyiladi munosabatda.
Bundan tashqari, izohda sud tomonidan jinoyat ishidagi har bir holat chuqur tahlil qilinib, shundan so‘ng qaror qabul qilinishi ta’kidlangan.
Jumladan, To‘rg‘unovga jazo tayinlashda uning maktab o‘quvchisi ekani, jinoyat sodir etilgan paytda hali 16 yoshga to‘lmagani, shuningdek, uni axloqan tuzatish, qayta tarbiyalash va yangi jinoyatlar sodir etishining oldini olish kabi omillar e’tiborga olingani bildirilgan.
“Jinoyat huquqida voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tizimi insonparvarlik tamoyillariga asoslangan”, deyiladi izohda.
Shuningdek, munosabatda mazkur jinoyat natijasida bevaqt halok bo‘lgan yo‘l-patrul xodimining fidoyiligi yosh avlodga ibrat bo‘lishi, voyaga yetmagan shaxsning qilmishi esa nafaqat uning o‘zi, balki ota-onalar uchun ham achchiq saboq ekanini qayd etgan.
Yakunda esa hukm hali qonuniy kuchga kirmagani ta’kidlangan. Taraflarning unga nisbatan shikoyat berish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Agar hukm yuzasidan taraflardan shikoyat tushsa, ish yuqori sud instansiyasida belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, unga huquqiy baho beriladi.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yilning 25 fevral kuni Toshkent shahrida soat 21:46 da 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan, xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Turg‘unov BMW M4 rusumli avtomashinani haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan vaqtda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Keyinroq, 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi. Ushbu xodimning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinishi belgilandi.
Joriy yilning mart oyida boshida inspektorni urib ketgan o‘smir Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Jinoyat ishi doirasida Turg‘unov Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgani xabar qilindi.
Live
Barchasi