Tadbirkor sovuqda skuterda ishga borgan xodimlariga BMW sovg‘a qildi
Olam
−
13:28 922 2 daqiqa
Xitoyning Xenan provinsiyasida restoranlar tarmog‘i rahbari Ma Yanli yuqori natijalarga erishgan xodimlariga har biri 300 ming yuan (45 ming dollar) turadigan BMW avtomobillarini sovg‘a qildi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, markaziy Xenan provinsiyasining Szyaochjo shahrida joylashgan mol go‘shtli xotpot restoranlari tarmog‘i egasi Ma Yanli xodimlarining qahraton sovuqda elektr skuterlarda ishga borganidan ta’sirlangan. U o‘tgan qish kunlarining birida sakkiz yildan beri restoranda ishlaydigan Li Sze ismli xodimasining sovuqdan yuzi qizarib, quloqlari binafsha tusga kirganini va qo‘llari muzlab qolganini ko‘rgan.
Shundan so‘ng, tadbirkor xodimlariga avtomobil sovg‘a qilishga qaror qilgan. Joriy yilning 24 sentyabr kuni u bir nechta xodimi bilan BMW avtomobillarini sotib olishga borgan. Mashinalar ikki hafta oldin to‘liq to‘lov asosida xarid qilingan.
“Men o‘zimning mashinamda issiq va qulay sharoitda yura olaman. Nega u ham bunday imkoniyatga ega bo‘lmasligi kerak?” degan Ma Yanli.
Sovg‘a olgan xodimalardan biri Li Sze yangi avtomobilni olishiga avval ishonmaganini aytgan. Oq rangli BMW o‘sha kunning o‘zida uning nomiga rasmiylashtirilgan. Xodima mashina uchun hech qanday pul to‘lamagan, tadbirkor esa sovg‘a evaziga undan biror shartnomani imzolashni ham talab qilmagan.
Yana bir xodima Lyu In’in kulrang BMW avtomobiliga ega bo‘lgan. Uning aytishicha, rahbari mehnati va ishdagi yuqori natijalarini e’tirof etib, mashinaga munosib ekanini bildirgan.
Ma Yanli o‘z kompaniyasining muvaffaqiyati barcha xodimlarning birgalikdagi mehnati natijasi ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, korxona erishgan yutuqlardan ishchilar ham bevosita manfaat ko‘rishi kerak. U umumiy ovqatlanish sohasida 20 yildan beri faoliyat yuritadi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirkor xodimlariga avval ham bayramlarda kundalik ehtiyoj buyumlari va pul mukofotlari berib kelgan.
Live
Barchasi