To‘qayev yangi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlanmaguncha amaldagi hukumatga o‘z vazifalarini bajarishni topshirdi

Olam

image

Bugun, 29 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev respublika hukumatiga yangi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishni topshirishdi. Bu haqda mamlakat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

“Qozog‘iston Respublikasi Hukumati Qozog‘iston Respublikasi Parlamentining yangi saylangan Majilisi oldida iste’foga chiqqanligi munosabati bilan qaror qilaman: Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘z vazifalarini Qozog‘iston Respublikasi Hukumatining yangi tarkibi tuzilgunga qadar bajarsin”, deyiladi To‘qayevning mazkur masaladagi farmonida.  

Shuningdek, To‘qayev yangi saylangan parlamentning birinchi sessiyasida chiqish qilgan va Qozog‘iston hukumati siyosiy tizimni isloh qilish yo‘lidan qat’iy rioya qilishi kerakligini aytgan.

“Vatanimiz taraqqiyotida yutuqqa erishdik va yangi tarixiy davrni ochdik. Biroq o‘zgarishlar bu bilan tugamaydi. Bu uzoq yo‘lning boshlanishi, xolos. Siyosiy tizimni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar davom etadi. Har qanday holatda ham tanlagan yo‘ldan qaytmaslik kerak”, degan Qozog‘iston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun ustuvorligi, xalq birligi, ijtimoiy adolat va ichki siyosiy barqarorlik kabi fundamental qadriyatlarni e’tiborda ushlab, islohotlarni davom ettirish zarur. To‘qayev Qozog‘iston oldida muhim vazifa – har tomonlama modernizatsiya sur’atlarini jadallashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muvaffaqiyat qozonish turganini e’lon qilgan. 

“Mamlakatimiz uzoq vaqtdan beri qulay tashqi vaziyatga tayanib kelgan. Biz turli konsepsiya va dasturlarga, xayoliy muvaffaqiyatlar haqidagi uzundan uzun hisobotlarga ishonardik. Lekin eng muhim, asosiy narsalarga e’tibor berilmay qoldi: fuqarolarning turmush darajasi pastligi,  huquqiy adolatsizlik sodir bo‘lishi, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq o‘sib borishi hamon saqlanib qolmoqda. Kelgusi besh yil ichida hukumat va deputatlar oldida ana shu asosiy muammolarni hal qilish vazifasi turibdi”, degan To‘qayev.

Shuningdek, Qozog‘iston rahbari hukumat mamlakat iqtisodiyotining ishlash qoidalari va tamoyillarini o‘zgartirishi zarurligini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, u mamlakatning jadal rivojlanishini ta’minlash uchun yuqori sifatli qonunchilik bazasini shakllantirish kerakligini ham qayd etgan. 

“Buning uchun iqtisodiyot qoidalari va tamoyillarini o‘zgartirish zarur bo‘ladi. Bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar allaqachon qo‘yilgan – monopoliyadan chiqarish va mamlakatdan noqonuniy olib chiqilgan kapitalni qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, degan Prezident To‘qayev.

Bundan tashqari, Qozog‘iston rahbari parlamentning yangi tarkibi mafkuraviy qarashlarning butun spektrini aks ettirishini, chunki birinchi marta uzoq vaqtdan beri muxolifatda bo‘lgan partiya parlamentga kiritilganini qayd etgan. Bunga esa keng ko‘lamli siyosiy islohotlar va partiyalarni ro‘yxatga olishni tartibga soluvchi qonunchilikni liberallashtirish tufayli erishilganini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 mart kuni Qozog‘istonda parlament quyi palatasi deputatlari saylovi bo‘lib o‘tgandi. Uning natijalariga ko‘ra, “Amanat” partiyasi 53,90 foiz ovoz bilan 40 mandat, “Ovul” partiyasi 10,9 foiz ovoz bilan 8 ta mandat, “Respublika” partiyasi 8,59 foiz bilan 6 mandat; “Oq yo‘l” (Ak Jol) partiyasi 8,41 foiz ovoz bilan 6 mandat, Qozog‘iston Xalq partiyasi 6,8 foiz ovoz bilan 5 mandat, Milliy sotsial-demokratik partiya 5,2 foiz ovoz bilan 4 ta mandat olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston saylov parlament Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing