To‘qayev Nazarboyevning so‘nggi lavozimini ham egallaydi
Olam
−
18 yanvar 2022
10563Qozog‘istonning hukmron “Nur-Otan” partiyasi favqulodda qurultoy chaqirdi. Unda siyosiy birlashmaning raisi Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev o‘rniga amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev saylanishi kutilyapti.
“Nur-Otan” raisining birinchi o‘rinbosari Bauyrjan Baybekning partiyadagi yig‘ilishda ta’kidlashicha, siyosiy birlashma butun kuchini (ya’ni 800 ming partiya a’zosini) mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun safarbar etgan.
“Prezident Qosim-Jomart Kemelevich barchamizni yagona maqsad – dolzarb masalalarni tezkorlik bilan hal etish va Yangi Qozog‘istonni barpo etish yo‘lida birlashishga chaqirdi. “Jumyla kotergen zhuk zhenil”, deyishardi ajdodlarimiz. “Nur Otan” partiyasi hamisha mamlakat birligi va ichki barqarorligini saqlash muhimligi haqida gapirib keladi”, deydi partiya raisining birinchi o‘rinbosari.
Bauyrjan Baybek mamlakatni mustaqillikka olib chiqqan Nursulton Nazarboyev va uning xizmatlari haqida ham gapirib o‘tgan.
“O‘tmishni xolisona baholashda har birimiz, eng avvalo, o‘zimizning axloqiy tamoyillarimizga, or-nomus va vijdon tushunchalariga amal qilishimiz kerak. 90-yillarda Qozog‘istonning to‘laqonli davlat bo‘lishi yoki bo‘lmasligi noma’lum bo‘lgan mamlakat shakllanishining eng murakkab davrida, mamlakatimiz Nursulton Nazarboyev boshchiligida institutlarni yaratish va mustahkamlash orqali o‘z mustaqilligiga erishdi. Bizni butun dunyo hamjamiyati tan oldi. 30 yil davomida davlatchilik asoslarini mustahkamlab, sarhadlarni belgilab, yurt yaxlitligini saqlab qolgan Elboshi va keksa avlod vakillarining tarixiy xizmatlari milliy tarixda munosib baholanishi shubhasiz. Birinchi Prezidentimiz Nursulton Nazarboyev lavozimini tark etgandan keyin barcha ishlarda uni ayblashni pastkashlik deb bilaman. Albatta, har doim tuzatilishi kerak bo‘lgan xatolar mavjud. Prezidentimiz e’lon qilgan islohotlarning mazmun-mohiyati shundan iborat”, deydi Bauyrjan Baybek.
Yig‘ilishda mamlakat mustaqilligiga endigina 30 yil to‘lgan va hozirda Qozog‘iston jamiyatida davlatchilik an’analarini, jumladan, hokimiyatning uzluksizligini shakllantirish nihoyatda muhim ekani ham ta’kidlandi.
“Endi davlatchilikni asrash, borimizni ko‘paytirish kerak. Binobarin, Elboshi asos solgan “Nur Otan” partiyasi yurt birligi va jamiyat barqarorligini saqlashga qaratilgan faoliyatini davom ettirishi kerak. Biz hozir bo‘lajak favqulodda qurultoyga tayyorgarlikni boshladik”, deydi Bauyrjan Baibek.
Avvalroq, qaredaligi noma’lum bo‘lib qolayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston xalqiga murojaat yo‘llagani va mamlakatda butun hokimiyat To‘qayevda ekanini aytgandi.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi