Transport vazirligi samolyot chiptalari masalasida fuqarolarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
26 iyun 2020
9215Dunyoda va shu jumladan O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir sharoitda xalqaro parvozlarni tiklashga harakat boshlangan. Shunday bir vaziyatda Turkiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning aviakompaniyalari 1 iyuldan O‘zbekistonga parvozlarni tiklashi haqida xabarlar berilyapti.
Transport vazirligi fuqarolarga murojaat yo‘llab, kelasi oy boshidan parvozlar tiklanishi 100 foiz aniq emasligini ma’lum qildi va chiptalar sotib olmaslikka chaqirdi.
“Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 14 iyundagi qo‘shma yig‘ilishi 29-son bayoniga muvofiq respublika hududida kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati joriy yilning 1 avgustiga qadar saqlanib qolishi belgilangan. Bunda kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati davrida Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan barcha cheklovchi choralar saqlanib qoladi.
Shu munosabat bilan Transport vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar aviatsiya ma’muriyatlariga O‘zbekiston Respublikasiga aviakompaniyalarning muntazam parvozlarni amalga oshirishga hali ruhsat berilmaganligi to‘g‘risidagi notalar yuborilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda Respublika maxsus komissiyasining 29-son bayoniga muvofiq sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan mamlakatlar bilan “yashil”, “sariq” va “qizil reyslar”ga ajratilgan holda muntazam parvozlarni qayta tiklash ustida ish olib borilmoqda.
“Shu o‘rinda, yo‘lovchilarga eslatib o‘tamiz, turli aviakompaniyalarning O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlashi to‘g‘risida taraqalayotgan rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib aviachiptalarni sotib olmang”, deya fuqarolarni ogohlantirgan vazirlik.
Muntazam reyslar tiklangunga qadar faqat Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter reyslarigina amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarning aynan qachondan boshlab tiklanishi yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qiladi.
LiveBarchasi