Sanamay sakkiz dema. Turkish Airlines`ga O‘zbekistonga parvoz uchun ruxsat berilmagan

Jamiyat

image

Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasi 1 iyuldan O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklashini va reyslar jadvalini e’lon qilgani haqida xabar bergan edik. Xorijiy aviakompaniyaning O‘zbekiston bilan parvozlarni yo‘lga qo‘yishi yuzasidan Transport vazirligi Matbuot kotibi Navruz Ashurmatovdan izoh oldik.

Ashurmatovning ta’kidlashicha, Turkish Airlines`ning O‘zbekistonga parvozlarni tiklashi uchun ruxsat berilmagan. Bu masala ikki davlatning hukumatlari o‘rtasidagi kelishuv asosida hal etiladi.

“Turkish Airlines va Air Astana 1 iyuldan parvozlarni tiklashini aytib, o‘z rejasini e’lon qildi. Bu boshqa davlatning aviakompaniyasi. Parvozlarni tiklash davlatlarning hukumatlari o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida amalga oshiriladi. Hozir birorta xorijiy aviakompaniyaga O‘zbekistonga aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat berilmagan”, dedi Ashurmatov.

Navruz Ashurmatovning ma’lum qilishcha, xalqaro parvozlarni tiklash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilinadi. Transport vazirligi aynan qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlarni tiklash bo‘yicha takliflarni kiritgan.

“Respublika maxsus komissiyasi dunyo davlatlaridagi vaziyatni o‘rganib chiqib, aniq yo‘nalishda qaysi sanadan boshlab, qancha chastotada qanday karantin qoidalariga amal qilgan holda parvozlarni tiklash bo‘yicha xulosasini beradi”, dedi Ashurmatov.

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 15 iyundan xalqaro parvozlarni qisman tiklashga ruxsat berilgandi. Ammo parvozlar tiklanmadi. Ashurmatov bu borada ham izoh berib o‘tdi.

Uning qayd etishicha, komissiya qaror qabul qildi. Endilikda tegishli vazirlik va idoralar qaysi davlatlar bilan parvozlarni tiklash mumkinligi bo‘yicha o‘z takliflarini beradi. Shundan so‘ng, komissiya yakuniy qaror chiqaradi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkish Airlines Navruz Ashurmatov

Baholaganlar

203

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing