Nyu-York meriga qo‘yilgan ayblovlar. O‘zbekistonlik tadbirkor bunga aloqadormi?
Tahlil
−
13 Oktabr
11899Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahri meri Erik Adams joriy yilning sentyabr oyi oxirlarida pora olish va o‘z saylovoldi kampaniyasiga chet eldan noqonuniy xayriya so‘rashda ayblandi. U zamonaviy tarixda jinoiy ishda ayblangan birinchi Nyu-York meridir. QALAMPIR.UZ uning jinoyat ishi bo‘yicha shakllantirilgan 57 sahifadan iborat ayblov xulosasi bilan tanishdi.
Erik Adams kim?
Shahar tarixidagi ikkinchi qora tanli mer bo‘lgan Erik Leroy Adams umumiy hisobda shaharning 110-meri. Uning otasi qassob, onasi esa oshpaz bo‘lgan. Bruklinda tug‘ilgan Adams 1984 yilda Nyu-York politsiya akademiyasini tamomlagan va shahar politsiyasida 22 yil ishlagan. Adams politsiyada kapitan darajasiga ko‘tarilgan. 2021 yil 4 noyabr kuni Nyu-York meri saylovida Adams g‘alaba qozongan. U 66,14 foiz ovoz (676 ming 481 kishi) olgan. 2022 yil 1 yanvarda u shahar merlik lavozimiga kirishgan. Bu bilan u shaharning ikkinchi afro-amerikalik rahbari bo‘ldi.
Mer sifatida ish boshlaganidan deyarli 3 yil o‘tib, Adams o‘z ofisini jiddiy xavf ostiga qo‘yishi va siyosiy karerasining kelgusidagi holatiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan federal ayblovlarga duch keldi. Korrupsiya bilan bog‘liq mojarolar bundan oldin Nyu-York shahrining ikki meri: 1932 yilda Jeyms Uoker va 1950 yilda Uilyam O’Duayerning iste’foga chiqishiga sabab bo‘lgan. Ammo Adams shaharning o‘z lavozimida ishlagan vaqtida ayblangan birinchi meridir.
Mer nimada ayblanmoqda?
Adamsga 5 ta alohida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan, poraxo‘rlik, chet eldan noqonuniy xayriya so‘rash, firibgarlik, chet ellik boy biznesmenlar va turk hukumati amaldoridan hashamatli sayohatlar hamda dabdabali sovg‘alarni qabul qilish. 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkning janubiy okrugi Bosh prokurori Damian Uilyams mer o‘zining saylovoldi jamg‘armalariga noqonuniy xorijiy va korporativ badallar so‘ragani, ularni olgani, shuningdek, xorijiy ishbilarmon va amaldorlardan 100 ming dollardan ortiq qimmatbaho sayohat imtiyozlarini qabul qilganini ma’lum qildi. Prokuror 2016-2021 yillar oralig‘ida mer olgan hashamatli sayohat imtiyozlarining ro‘yxati, jumladan, aviakompaniyalar va hashamatli mehmonxona nomerlarini e’lon qildi.
Ayblov xulosasida Adamsning Bruklin tumani rahbari bo‘lgan davridan to mer bo‘lgan davrigacha qariyb o‘n yillik korrupsiyaviy boshqaruvi haqida ham so‘z boradi. Unda aytilishicha, Adams turk ishbilarmonlari va hukumat amaldorlaridan saylov kampaniyasi uchun noqonuniy badallar so‘ragan va qabul qilgan, siyosiy manfaatlar evaziga dabdabali sovg‘alar va xorijiy xayriyalar olgan. Davlat ayblovchisining so‘zlariga ko‘ra, Adams 2021 yilda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning tashrifi oldidan xavfsizlik muammolariga qaramay Manxettenda Turkiya Bosh konsulligining yangi ko‘p qavatli binosining qurilishiga imzo chekish uchun Nyu-York shahar O‘t o‘chirish boshqarmasi xodimlariga bosim o‘tkazgan.
Erik Adamsning lavozimidan foydalanib qo‘lga kiritgan foydalari
Prokurorlarning ta’kidlashicha, Adamsning hashamatli sayohatlari 2015 yilda Turkiyaga uyushtirilgan 2 ta safari bilan boshlangan va u samolyotning biznes-klassi uchun bepul chiptalar olgan. Adams bu sayohatlar haqida Nyu-Yorkdagi Manfaatlar to‘qnashuvi kengashiga xabar bergan bo‘lsa-da, u keyingi safarlarni, shu jumladan turk ishbilarmonlari tomonidan to‘langan sayohatlarni oshkor etmagan.
2016 yilga kelib Adams 49 foiz Turkiya hukumatiga tegishli bo‘lgan Turkish Airlines bilan qulay munosabatlar o‘rnatadi. 2016 va 2017 yillar davomida Adams va uning hamkorlari butun dunyo bo‘ylab Hindiston, Shri-Lanka, Xitoy, Nepal va Fransiyaga bepul parvozlarni amalga oshirgan. Ushbu mamlakatlarga safar davomida ular biznes-klassni yanada yangilagan. Hisoblarga ko‘ra, bu bepul va chegirmali sayohat uchun 63 ming dollardan ortiq mablag‘ deganidir.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Adams noqulay vaziyatda ham, masalan, Nyu-Yorkdan Parijga uchayotganda ham Turkish Airlines aviakompaniyasida uchgan. Uning sherigi bilan yozishgan SMS xabariga ko‘ra, mer uchun har birinchi bekat har doim Istanbul shahri bo‘lgan.
Aytilishicha, bu davrda Adams Istanbuldagi hashamatli St. Regis mehmonxonasida chegirmali stavkada qolib, odatda kechasi bir necha yuz minglab dollarga baholangan lyuks xizmat uchun bir necha yuz dollar to‘lagan, xolos. Uning safarlari ko‘pincha xususiy yaxta sayohatlari, hashamatli avtomobillar va yuqori darajadagi restoranlarda eng qimmat taomlarni o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi merning turk rasmiylari bilan aloqalari tufayli yanada osonlashgan. Uning hashamatli sayohatlari 2019 yilda hamda 2021 yilda – merlik g‘alabasidan keyin davom etgan.
Merning saylovoldi kampaniyasiga tikilgan pullar
Adams, shuningdek, Nyu-York shahrining kichik miqyosdagi kampaniya xayriyalarini davlat mablag‘lari bilan taqqoslash orqali ko‘paytirishga mo‘ljallangan “Moslashuvchan mablag‘lar” (Matching Funds Program) dasturidan foydalanish sxemasini uyushtirganlikda ayblanmoqda. Dastur chet el fuqarolarining xayriyalarini, ya’ni uning haqiqiy manbasini yashirish uchun boshqa birov nomidan pul o‘tkazadigan shaxslarni o‘z ichiga oladi. Prokurorlar bu borada bir nechta misollar ham keltirgan.
2018 yil noyabr oyida Adams Bruklindagi Boro Hall’da Bog‘chashehir universitetining badavlat asoschisi bilan uchrashgan. Mer o‘zining 2021 yilgi saylovoldi kampaniyasiga mablag‘ sarflashni taklif qilganidan so‘ng, oliygoh egasi Ra’no Abbosova ismli “xodimi”ni noqonuniy badallarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul qilib tayinlagan. Abbosova Adamsning vakillariga yordam berishga tayyorligini yozib qoldirgan.
2020 yilning dekabr oyida Adams kampaniyasining ikki ko‘ngillisi o‘zbekistonlik tadbirkordan kampaniyaga 10 ming dollar ajratishni so‘ragan va bu xayriya Adamsga ta’sir ko‘rsatishini aytib o‘tgan. Tadbirkor 10 ming dollarlik chekni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoza olmaganligi sababli, shuningdek, bu davlat mablag‘lari bilan tenglasha olmagani uchun u o‘z xodimlariga 2000 AQSH dollari miqdoridagi bir nechta badallarni bo‘lib-bo‘lib merning kampaniyasiga o‘tkazib berishni aytgan. Ushbu noqonuniy xayr-ehsonlar keyinchalik davlat mablag‘lari bilan tenglashtirilgan.
Nyu-York merining saylovoldi kampaniyasi uchun pul bergan o‘zbekistonlik tadbirkor kim?
Tergov hujjatlarida “Biznesmen-4” deya tilga olingan shaxs o‘zbekistonlik tadbirkor Tolib Mansurov bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i titkilab ko‘rilsa, uning sahifasida Mansurovning Nyu-York shahrida joylashgan “United Elite Group” asoschisi va bosh direktori, shuningdek, yuqori darajadagi bosh pudratchi ekanini bilib olish mumkin. U 1997-2002 yillarda Rossiyadagi Omsk davlat universitetida tahsil olgan. Mansurov “Omsk davlat universitetining huquq yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasiga ega kuchli biznesni rivojlantirish mutaxassisi” ekani ham ta’kidlangan. Tadbirkor, shuningdek, AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi, Nyu-York shahri Binolar departamenti va Iste’molchilar va ishchilar huquqlarini himoya qilish departamenti tomonidan berilgan litsenziyalarga ega ekani ham qayd etilgan.
Mansurovga tegishli “United Elite Group” kompaniyasining rasmiy sahifasida tashkilotning 12 yildan ortiq vaqt davomida Nyu-York shahri hududida turarjoylarning ichki qismini sifatli ta’mirlash bo‘yicha tajribaga ega tashkilot sifatida tanilgani aytiladi.
Adams va Mansurovni bog‘lab turgan narsa nima?
Merni poraxo‘rlik, saylov kampaniyasini moliyalashtirish va til biriktirish jinoyatlarida ayblagan 57 sahifalik tarixiy federal ayblov xulosasiga ko‘ra, “Biznesmen-4” “Nyu-York shahri hududida qurilish shirkatini boshqargan”.
Tolib Mansurov o‘zining “United Elite Group” qurilish firmasini boshqarishdan tashqari Bruklinda joylashgan “Silk Road Foundation” notijorat tashkilotining asoschisi bo‘lib, u Nyu-Yorkdagi o‘zbeklar hamda Markaziy Osiyoning keng jamoatchiligiga xizmat ko‘rsatadi.
Ayblovda “Biznesmen-4” va uning xodimlari 2020 yilning dekabr oyida shahar meriga xayriya niqobi ostida pul bergani aytiladi. Erik Adamsning vakili bunday “soxta xayriyalar” tadbirkorning merga ta’sirini kuchaytirishiga ishontirgan.
Ayblov xulosasida aytilishicha, mer Adamsga iltifot ko‘rsatishni istagan “Biznesmen-4” o‘zining shaxsiy bank hisobvarag‘idan 10 ming AQSH dollari miqdorida chek yozib berishni taklif qilgan. Biroq Adamsning xodimlari unga 2000 dollardan ortiq xayriya qila olmasligini aytgan. Shunda “Biznesmen-4” o‘zi va 4 nafar xodimi nomidan to‘lov qilgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Mansurov Adamsga bog‘lanib, unga “Men sizni doim qo‘llab-quvvatlaganman” deya yozgan.
Mansurov 2023 yilning 5 fevral kuni shahar hokimi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanib, Mansurovning qurilish firmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga qurilish departamenti qo‘ygan cheklovlarni olib tashlashda yordam so‘raganida, Adamsga uning saylovoldi kampaniyasiga ko‘rsatgan moliyaviy yordamni eslatgan.
Xayr-ehsonlar amalga oshirilgan vaqt oralig‘i ayblovda ko‘rsatilgan vaqt oralig‘iga to‘g‘ri keladi, unda “Biznesmen-4”ga Adams vakili tomonidan xodimlar orqali noqonuniy xayriyalarni kampaniyaga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Saylov kampaniyasini moliyalashtirish ma’lumotlariga ko‘ra, “United Elite Group” xodimlari ro‘yxatiga kiritilgan hamda har biri 2000 dollardan xayriya qilganlar – Natan Xo, Oybek Shokirov, Sherzod Kamolov va Umid Vohidovlardir.
Shokirov kompaniyada ishlashdan tashqari, “Silk Road Foundation”da hisobchi bo‘lib ham faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, 2023 yil 11 dekabrda Shokirov shahar merining huquqiy himoya fondiga 5000 dollar xayriya qilgan.
Mansurovning “Silk Road Foundation” jamg‘armasi shahar meriyasi bilan munosabatlarni ancha mustahkamlagan. 2023 yil iyul oyida Adams shahar meriyasida jamg‘armaning o‘zbek hamjamiyatiga oid fikrlarini tinglash uchun davra suhbati o‘tkazgan. Shu yilning avgust oyida esa Adams jamg‘arma homiyligida O‘zbekiston mustaqilligi sharafiga bayroq ko‘tarish marosimida qatnashgan. Marosimda mer “Nyu-York – Amerikaning Toshkenti” degan ta’rifni ishlatgan.
2023 yil aprel oyida Nyu-York meri Bruklindagi Emir Palace’da jamg‘arma homiyligidagi iftorlik dasturxonida qatnashgan. Shuningdek, bunday tadbir joriy yilning mart oyida ham o‘tkazilgan bo‘lib, Erik Adams unda ham ishtirok etgan.
Prokurorlarning bildirishicha, keyinroq Mansurov va uning xodimlari advokatlar ishtirokida so‘roq qilingan. So‘roq davomida u Erik Adamsning saylov kampaniyasiga “soxta xayriyalar” ko‘rinishida pul o‘tkazish bilan bog‘liq ishga aloqadorligini tan olgan. Shuningdek, bu ishga bog‘liq bo‘lmagan boshqa firibgarlik ishi bo‘yicha ham ko‘rsatma bergan.
“Documented” jurnalistlari Tolib Mansurov hamda “United Elite Group”ning 4 nafar xodimi bilan bir necha bor bog‘lanishga uringan, biroq buning iloji bo‘lmagan. Vohidov va Kamolov AQSHda yashamayotgani aytilgan bo‘lsa, Natan Xo soxta xayriyalar haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortgan.
Yana kimdir tergov qilinyaptimi?
Kengaygan federal tekshiruvlar fonida Adamsning politsiya va sog‘liqni saqlash bo‘yicha komissarlari Edvard Kaban va Eshvin Vasan, maktablar bo‘yicha mas’ul Devid Benks va bosh maslahatchi Liza Zornberg iste’foga chiqdi. Kabanning telefoni 12 sentyabr kuni federal tergov doirasida olib qo‘yilgan va u iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. Bir necha kun o‘tgach, shahar meriyasining bosh advokati Zornberg “endi samarali xizmat qila olmasligini” aytib, iste’foga chiqdi. Bir hafta o‘tgach, Benks federal tergovchilar uning uyida tintuv o‘tkazgani va federal qidiruv buyrug‘i ostida mobil telefonlarini tortib olganidan bir necha kun o‘tib, mamlakatdagi eng yirik davlat maktab tizimi rahbari lavozimidan voz kechib, o‘quv yili oxirida nafaqaga chiqqanini e’lon qildi.
Federal tergovchilar, shuningdek, Adamsning eng yaqin maslahatchilari, jumladan, shahar merining jamoat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari Filip Benks III va merning birinchi o‘rinbosari Shina Raytning mobil telefonini musodara qildi. Ofitserlar ushbu maslahatchilardan ba’zilarining uylariga bostirib kirgan.
Federal ma’muriyat Adamsga yaqin odamlarni tergov qilayotganining birinchi belgisi 2023 yilning noyabr oyida agentlar uning eng yaxshi mablag‘ yig‘uvchilardan biri Brianna Saggsning uyini tintuv qilganda paydo bo‘ldi.
Ayblanish nimani anglatadi?
AQSH Adliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ayblov xulosasi – bu shaxs jinoyat sodir etganligi to‘g‘risida rasmiy xabar oladigan jarayon. Ayblov xulosasi shaxsga unga qo‘yilgan ayblovlar haqida ma’lumot beradi. Bu esa katta hakamlar hay’ati jinoyat sodir etilganini aniqlash uchun barcha mumkin bo‘lgan dalillarni tekshirgandan so‘ng bo‘lib o‘tadi. Agar hakamlar hay’ati dalillar yetarli deb topsa, ayblov xulosasi chiqariladi. Bu holatda merning hokimiyatni topshirishi uchun bir necha kun kerak bo‘ladi. Adams esa lavozimini tark etmasligini, shahar aholisini partiya va siyosatdan ustun qo‘yganini aytgan.
Ayblov xulosasiga Amerika jamoatchiligi qanday munosabat bildirdi?
Ayblov e’lon qilinganidan beri ko‘p sonli siyosatchilar Adamsni iste’foga chiqishga chaqirmoqda. Xususan, Nyu-York shahar kengashining kamida 10 a’zosi va boshqa bir qancha qonunchilar, jumladan Kengash a’zolari Karmen de la Rosa, Tiffani Kaban va Robert Xolden uning lavozimni tark etishi kerakligini aytgan.
Uni iste’foga chiqishga majburlash mumkinmi?
Mamlakat qonunchiliiga ko‘ra, Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul Nyu-York merini 30 kungacha lavozimidan chetlatish huquqiga ega. Ammo shtat gubernatorining Nyu-York merini almashtirish vakolati so‘nggi paytlarda amalga oshirilmadi. Eng oxirgi pretsedent 1931 yilda, gubernator Franklin Ruzvelt 1932 yilda iste’foga chiqqan mer Jeyms Uokerning noto‘g‘ri xatti-harakatlari bo‘yicha 14 kunlik tinglovlarni o‘tkazganida bo‘lgan. Shuning uchun, Xokul bu kuchdan foydalanadimi yoki yo‘qmi, noma’lum.
Agar Adams 2025 yil dekabrgacha davom etadigan vakolat muddati tugagunga qadar iste’foga chiqishga qaror qilsa, shaharning jamoatchi himoyachisi Jumaan Uilyams mer vazifasini bajaruvchi bo‘ladi va navbatdan tashqari saylovlar o‘tkaziladi. Ushbu saylovga bir nechta nomzodlarni jalb qilinishi mumkin, ulardan ba’zilari kelasi yilgi Demokratik praymerizda Adamsga qarshi kurashish niyatini e’lon qilgan. Navbatdagi oddiy saylov 2025 yil 4 noyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi