Toshkentda yo‘lkira 2500 so‘m bo‘ladimi? Transport vazirligi tushuntirish berdi
Jamiyat
−
13:42 1048 2 daqiqa
Avvalroq, poytaxt hokimligining “Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi doirasida joriy yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida metro va avtobus uchun yo‘lkira narxi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Transport vazirligi mazkur tarif o‘zgarishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, yo‘l haqining ehtimoliy oshirilishi tashuvchilarga qo‘yiladigan xizmat sifati talablari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi lozimligini ma’lum qildi. Holat yuzasidan vazirlik Telegram-kanalida tushuntirish berildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Toshkent jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda metropoliten yo‘nalishlari tarmog‘i kengaytirilib, yerusti jamoat transporti bilan integratsiya qilingan.
Shu bilan birga, avtobuslar soni qariyb ikki barobar ko‘payib, 1900 taga yaqinlashgan. Ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i esa 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqargan. Yo‘nalishlar tarmog‘i yangi turarjoy massivlari hamda poytaxtga tutash hududlarni qamrab olinmoqda.
Qayd etilishicha, jamoat transporti xarajatlariga haydovchi va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, harakat tarkibiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, depo hamda quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarini ta’minlash xarajatlari kiradi.
Amaldagi tarif ushbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplayotgani, tashishlarni moliyalashtirishda asosiy yuk esa davlat byudjeti zimmasida qolayotgani aytilgan.
Bildirilishicha, tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan aniq talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi kerak. Bunda qatnovlarning muntazamligi, belgilangan intervallarga rioya qilinishi, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘nalishlar tarmog‘ining yanada kengaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Ayni paytda tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha loyiha jamoatchilik muhokamasida. Fuqarolar 19 sentyabrga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali o‘z taklif va mulohazalarini yuborishi mumkin.
Jamoatchilik muhokamasi yakunlanmagunga qadar tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida jamoat transportlaridan foydalanish uchun naqd puldagi tariflar qayta ko‘rib chiqilgandi va ular elektron tarif to‘lovlariga nisbatan 30 foiz qimmatlashtirilgandi.
Live
Barchasi