Trampning odami Zelenskiy bilan uchrashdi (video)
Olam
−
20 fevral 6582 2 daqiqa
Bugun, 20 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Bu haqda Ukraina yetakchisi o‘z Telegram sahifasida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, Zelenskiy Ukrainaga yordamlarini ayamagani uchun AQSH vakiliga o‘z minnatdorligini bildirgan.
“Men Qo‘shma Shtatlarga Ukraina va Ukraina xalqiga ko‘rsatgan barcha yordami va ikki tomonlama yordami uchun minnatdorman”, deya yozib qoldirgan Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zaro suhbat davomida keyingi qadamlar, Ukrainaning xavfsizlik kafolati haqida samimiy suhbat bo‘lib o‘tgan.
“Amerika kuchini his qilish biz uchun va butun erkin dunyo uchun muhim. Biz jang maydonidagi vaziyat va barcha asirlarimizni qanday qaytarish, shuningdek, samarali xavfsizlik kafolatlarini batafsil muhokama qildik”, degan davlat rahbari.
Qolaversa, Ukraina yetakchisi sarmoya masalasiga oid yangi va kuchli kelishuvga tayyorligini bildirgan.
“Ukraina AQSH Prezidenti bilan sarmoya va xavfsizlik bo‘yicha kuchli, chinakam manfaatli kelishuvga tayyor. Biz natijalarga erishishning eng tez va konstruktiv usulini taklif qildik. Bizning jamoamiz 24/7 ishlashga tayyor”, deya ishonch bilan gapirgan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, Kit Kellogg va Zelenskiy uchrashuvi Tramp va Ukraina rahbarining bir-biriga qarshi bayonotlari fonida kechmoqda. 18 fevral kuni Donald Tramp Floridaning Mar-a-Lago shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukrainada saylovlar uzoq vaqtdan beri o‘tkazilmagani va xalq Prezident Zelenskiydan unchalik mamnun emasligini, uning ishonchi 4 foizgacha tushib ketganini aytgandi.
Bunga javoban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa kecha, 19 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Trampga javob qaytarib, uning ishonch reytingi 57 foizni tashkil etishini, Tramp Zelenskiyning ishonch reytingi 4 foizga baholangani haqidagi so‘zlarini Rossiyadan kelgan ma’lumotlarga asoslanganini, hozirda hech kim uni almashtira olmasligini aytdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Tramp yana bir bayonot bilan chiqib, Zelenskiyni “saylovlarsiz diktator” va “muvaffaqiyatli komediyachi” deb atadi. Shuningdek, Tramp Zelenskiy saylovlarda qatnashishdan bosh tortganini, Baydenni “skripka kabi” chalishni yaxshi bilganini yozdi.
Qolaversa, “Reuters” nashri ham shu orada Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri birinchi marta Qo‘shma Shtatlar BMT Bosh Assambleyasining Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi va Moskvaning harakatlarini qoralovchilar qatoriga kirmagani haqida yozdi.
Live
Barchasi