Trampning biznes imperiyasi bir oyda 2 mlrd dollar daromad qildi – NYT
Olam
−
14 may 4387 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning oilaviy biznes imperiyasi Tramp prezidentlikka qaytganidan keyin bir oy ichida kamida 2 milliard dollar daromad topdi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
“Prezident Tramp ofisga qaytgach, uning oilasi o‘z brendidan foyda ko‘ra boshladi. Faqatgina so‘nggi bir oy ichida Tramp kompaniyalariga kamida 2 milliard dollar oqib keldi”, deyiladi maqolada.
Xususan, $TRUMP kriptovalyutasining ishga tushirilishi kamida 174 million dollar daromad keltirgan. Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari Tramp oilasining yangi kripto-loyihasi – World Liberty Financial kompaniyasiga investitsion firma orqali 2 milliard dollar sarmoya kiritgan. Mazkur kompaniya Erik Tramp va kichik Donald Tramp boshchiligida yiliga o‘nlab million dollar foyda olishi kutilmoqda.
Shuningdek, Qatar Tramp brendi ostida mamlakatda bunyod etilayotgan 5,5 milliard dollarlik plyajli golf majmuasi va villalar loyihasini moliyalashtirishga yordam bergan. Tramplar bu loyihadan litsenzion to‘lovlar va boshqaruv xizmatlari evaziga millionlab dollar ishlab oladi.
NYT’ga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi bir ko‘chmas mulk kompaniyasi esa Trump International Hotel and Tower mehmonxonasi uchun Dubayga 1 milliard dollar sarmoya kiritgan. Xuddi shu kompaniya Tramp brendi ostida Saudiya Arabistoni va Ummonda yangi mehmonxonalar, golf maydonlari va hashamatli minoralar qurishni rejalashtirmoqda. Bularning barchasi Tramp nomidan foydalanishga asoslangan brend bitimlari bo‘lib, ularga yana millionlab dollar daromad keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Tramp Yaqin Sharqqa tashrif buyurgan. AQSH Prezidenti hozirgacha mazkur tashrif davomida Saudiya Arabistoni bilan AQSH iqtisodiyotiga 600 mlrd dollar sarmoya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi. Shuningdek, Boeing kompaniyasi Qatarga 200 mlrd dollarlik 160 dan ortiq samolyot yetkazib berishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.