Tramp Yevropaga 100 foizlik import boji bilan tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa davlatlari Amerika texnologiya kompaniyalari uchun raqamli xizmatlar solig‘ini joriy etsa, ularning mahsulotlariga 100 foizlik import boji qo‘llanilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Tramp o‘zining “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

Uning aytishicha, Yevropadagi bir qator davlatlar AQSH kompaniyalariga nisbatan raqamli xizmatlar solig‘ini joriy etishni muhokama qilmoqda, ayrimlari esa bu qarorni qabul qilish arafasida.

“Raqamli xizmatlar solig‘ini joriy etadigan har qanday davlat AQSHga yuboriladigan barcha tovarlari uchun darhol 100 foizlikk import boji qo‘yiladi”, deydi Amerika Prezidenti.

“The Guardian” nashrining yozishicha, Trampning bu bayonoti global savdo keskinlashuvini yanada kuchaytirishi mumkin bo‘lgan navbatdagi bosqich sifatida baholanmoqda. U avval ham bir qator davlatlar va iqtisodiy bloklarga nisbatan keskin boj siyosatini qo‘llagan edi. Agar u o‘z ogohlantirishini amalda bajaradigan bo‘lsa, 27 davlatdan iborat Yevropa Ittifoqining javob choralari AQSH bilan keng ko‘lamli savdo qarama-qarshiligiga olib kelishi mumkin.

Fransiya, Ispaniya va Italiyada yirik kompaniyalar uchun 3 foizlik raqamli xizmatlar solig‘i joriy etilgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqining boshqa bir qator davlatlarida ham shunga o‘xshash tartiblar mavjud yoki ko‘rib chiqilmoqda.

Buyuk Britaniyada esa global raqamli xizmatlardan katta daromad oladigan ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv tizimlari va onlayn savdo platformalari uchun 2 foizlik soliq amal qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu soliq 2024-2025 yillarda mamlakat byudjetiga 800 million funt sterlingdan ortiq tushum keltirgan.

Yevropa Komissiyasi vakili Olof Gill esa raqamli xizmatlar solig‘i ayrim mamlakatlar kompaniyalariga qaratilmaganini, u kelib chiqishidan qat’iy nazar barcha yirik raqamli platformalarga bir xil tatbiq etilishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar yuzasidan Yevropa Ittifoqi o‘z manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp barcha davlatlar uchun qo‘shimcha 10 foizlikk boj joriy qilish haqida farmon imzolagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing