Tramp Venesuelaga talab qo‘ydi
Olam
−
21 Sentabr 9298 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Venesuela hukumatiga o‘z fuqarolarini AQSHdan olib ketishni talab qildi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 20 sentyabr kuni o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Minglab odamlar bu “monstrlar” tomonidan jiddiy zararlandi va hatto o‘ldirildi. Ularni darhol mamlakatimizdan chiqarib yuboring yoki boshlaringizga hisoblanmaydigan narsalar tushishini kuting”, degan Tramp.
Oq uy rahbari agar Karakas Vashington talablarini bajarmasa, Venesuela “hisoblab bo‘lmaydigan badal” to‘lashini qo‘shimcha qilgan.
Joriy yilning 2 va15 sentyabr kunlari Donald Tramp AQSH harbiylari Karib dengizining janubiy qismida Venesueladan kelayotgan “narkoterroristlar”ga zarba berilganini ma’lum qildi. Ular AQSHga narkotik yuborishda ayblangan. Prezidentning so‘zlariga qaraganda, birinchi zarbada 11 nafar “narkoterror”, nobud bo‘lgan, ikkinchisida esa uch kishi halok bo‘lgan. AQSH qo‘shinlari tomonidan yo‘qotishlar qayd etilmagan. Tramp Venesuela hukumatini narkotrafikda ko‘p marta ayblab kelgan.
BMT inson huquqlari kuzatuvchilari AQSH harakatlarini xalqaro qonunchilik, shu jumladan, dengiz qonuni va BMT ustavini buzish sifatida qoralagan.
Avgust oyida “The New York Times” Tramp yashirin ravishda Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi harbiy kuch ishlatish bo‘yicha Pentagon (yangi Urush vazirligi) uchun direktiva imzolaganini yozgandi. O‘sha oy oxirida AQSH Venesuela qirg‘oqlariga 7 ta harbiy kemani, jumladan, uchta raketaga ega esminets va kamida bitta zarba beruvchi suvosti kemasini, jami 4,5 ming askar bilan yuborgan.
AQSH rasmiylari Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni narkotik savdosi bilan shug‘ullanishda ayblab, uni ushlashga yordam berganlar uchun 50 million dollar mukofot va’da qilgan. Maduro esa Venesueladan kelayotgan kemalarning yo‘q qilinishini “so‘nggi yuz yildagi AQSH bosqinining eng jiddiy tahdidi” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uchinchi jahon urushi boshlangan va AQSH bunga allaqachon reja tuzgan.
Live
Barchasi