AQSH Maduroning “boshi uchun” 50 mln dollar taklif qilmoqda
Olam
−
08 avgust 2025 16022 2 daqiqa
AQSH Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 50 mln dollar mukofot va’da qilmoqda. Bu haqdagi e’lonni AQSH Bosh prokurori Pem Bondi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida joylashtirdi.
U Maduroni “xorijdagi terrorchilik tashkilotlari”dan foydalanib, AQSHga o‘limga olib keluvchi narkotiklar va “zo‘ravonlik” kirib borishiga sabab bo‘layotganlikda ayblagan.
“U dunyodagi eng yirik narkotik savdogarlaridan biri va milliy xavfsizligimizga tahdid. Shuning uchun biz uning hibsga olinishi bilan bog‘liq ma’lumot uchun mukofotni ikki barobar oshiryapmiz”, deydi Bosh prokuror.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda, ya’ni Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH Maduroni narkoterrorizm va mamlakatga kokain olib kirish maqsadida firibgarlar bilan til biriktirishda ayblagan. O‘shanda Venesuela Prezidentiga nisbatan adolat qaror topishiga olib keladigan ma’lumot uchun AQSH 15 million dollar taklif qilgan, keyin bu summa 25 million dollarga oshirilgan.
Shuningdek, Tramp Maduroni bir necha bor diktator deb atagan. Shu yil boshida esa Prezident lavozimiga kirishganidan so‘ng Venesuela neftini qazib olish va yetkazib berishga ruxsatni bekor qilgan hamda jinoiy to‘da a’zolari deya gumon qilingan venesuelalik muhojirlarni ommaviy ravishda deportatsiya qilishni boshlagan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 28 iyulda Venesuelada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning amaldagi Prezidenti Nikolas Maduro g‘alaba qozondi va uchinchi muddatga qayta saylandi. Muxolifatga ko‘ra, Edmundo Gonsales 70 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘alaba qozondi. Muxolifat saylov uchastkalarining 80% dan ortig‘ining protokollarini e’lon qildi, bu esa Gonsales saylovda sezilarli farq bilan g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. Maduroni g‘olib deb e’lon qilgan Milliy saylov kengashi esa protokollarni e’lon qilmagan. Muxolifat esa bu natijalarni soxtalashtirilgan deb hisoblashini bildirgan. Shundan so‘ng mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlangan.
Keyinchalik AQSH hukumati prezidentlik saylovi yakunlari “Venesuela xalqining irodasini aks ettirmaydi” deya bayonot berdi. AQSHda g‘olib sifatida muxolifat yetakchisi Edmundo Gonsales Urrutiya tan olingan.
Bundan tashqari, o‘tgan yil kuzda AQSH hukumati Maduroning samolyotini musodara qildi. Venesuelada esa bu harakat “qaroqchilik” deb baholandi. Qayd etish joiz, Maduro 2013 yildan beri Venesuelada hokimiyat tepasida turibdi.