Tramp va Bayden Nyu-Xempshirda o‘z partiyalarining praymerizlarida g‘alaba qozondi
Olam
−
24 yanvar
4273AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-Xempshirda Respublikachilar partiyasining praymerizlarida g‘alaba qozondi. Demokrat saylovchilarning ko‘pchiligi esa Jo Bayden nomini ovoz berishda o‘zlari yozib qo‘ydi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Tahlilchilar birinchi saylov uchastkalarida ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, sobiq prezidentning g‘alabasi muqarrar, deb hisoblagan.
Tramp 198 ming byulletenni sanab chiqish natijalariga ko‘ra yetakchilik qilmoqda – u 54,0 foiz ovoz to‘plagan. Nomzodlik uchun kurashda uning faqat bitta raqibi qoldi, u AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli. Unga Nyu-Xempshirdagi respublikachilarning 44,5 foizi ovoz berdi.
Jo Baydenning nomi esa shtat hukumati va Demokratik partiya o‘rtasidagi ziddiyat tufayli saylov byulleteniga kiritilmagan. Biroq 63 ming saylovchining 70 foizga yaqini uni byulletenga qo‘lda yozgan. Kongressmen Din Fillips 20,9 foiz, yozuvchi Marian Uilyamson esa 4,3 foiz ovozga ega.
Ma’lumot uchun, AQSHda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi. Donald Tramp 2023 yilda to‘rtta jinoiy ish bo‘yicha ayblangan bo‘lishiga qaramasdan, bu uni saylanish huquqidan mahrum qilmaydi. Sud jarayonlarining birinchisi 4 mart kuni boshlanishi rejalashtirilgan, biroq himoyachilarning shikoyatlari tufayli u kechiktirilishi mumkin.
Fevral oyida AQSH Oliy sudi Trampning qo‘zg‘olonga aloqadorligi sababli uning ismini saylov byulleteniga kiritishni taqiqlagan Kolorado Oliy sudi qaroriga e’tirozini ko‘rib chiqadi. Oliy sudning qarori boshqa shtatlar uchun ham majburiy bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp Ayova shtatidagi kokuslarda ishonchli g‘alaba qozongandi. Shundan so‘ng prezidentlik poygasida unga qarshi kurashayotgan Vivek Ramasvami va Ron DeSantis saylov tashviqotlarini to‘xtatib, Trampni qo‘llashini e’lon qildi.
LiveBarchasi