Tramp Ukraina muzokaralari tufayli ta’tilni bekor qildi – Oq uy
Olam
−
20 avgust 2025 2865 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishlash uchun joriy yilning avgust oyidagi ta’tilini bekor qilgan. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga tayanib, “The Hill” xabar berdi.
Livittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp Nyu-Jersidagi golf-kurortida ham tinchlik muzokaralarini davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqqan, biroq buning o‘rniga Oq uydan chiqmaslikka qaror qilgan.
“Odatda, AQSH Prezidentlari aynan shu paytda ta’tilga chiqadi, ammo bu Prezident emas. Uning Bedminsterda (Nyu-Jersidagi golf-klub) bir-ikki hafta ishlashi haqida gap bo‘ldi, lekin u bu g‘oyadan voz kechdi. U maqsadga ega inson. U harakat qilishni xohlaydi. Hammasini tez qilishni istaydi”, deydi Oq uy vakili.
Nashrning yozishicha, AQSHda prezidentlar, odatda, avgust oyida, Kongress ta’tilga chiqqan vaqtda ta’til oladi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi kunlar davomida Tramp Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi, Oq uyda Zelenskiyni qabul qildi va undan so‘ng ukrainalik hamda yevropalik yetakchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida Tramp Putin va Zelenskiy uchrashuviga tayyorgarlikni boshlaganini ma’lum qildi.