“Kelisha olmadik”. Tramp-Putin Alyaskada nimalar dedi?

Olam

AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Alyaskada sammit o‘tkazdi. Ankorijdagi Elmendorf-Richardson harbiy-havo kuchlari bazasida 2 soat-u 45 daqiqa davom etgan muzokaralardan so‘ng manbuot uchun qisqa bayonot berdi. Ular jurnalistlarning savollariga ham javob berishi kutilgandi. Biroq nutqlarini tugatib, yetakchilar xonani tark etdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin:

Hurmatli Janob Prezident! Xonimlar va janoblar!

Biz muzokaralarni konstruktiv va o‘zaro hurmat muhitida o‘tkazdik, ular juda batafsil va foydali bo‘ldi.

Yana bir bor mening amerikalik hamkasbimga Alyaskaga tashrif buyurish taklifi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Aynan shu yerda uchrashish mantiqan to‘g‘ri, chunki mamlakatlarimizni okeanlar ajratib tursa-da, amalda biz yaqin qo‘shnilarmiz. Samolyotdan tushganimizda men shunday dedim: “Hayrli kun, aziz qo‘shnim. Sizni sog‘-omon ko‘rib turganimdan juda xursandman”. Menimcha, bu so‘z qo‘shnichilik ruhida, samimiy yangraydi. Axir, bizni faqat Bering bo‘g‘ozi ajratadi, u yerda ham ikki orol bor, Rossiya va AQSH orollari orasida bor-yo‘g‘i to‘rt kilometr. Biz yaqin qo‘shnilarmiz – bu fakt.

Alyaska Rossiya va AQSHning umumiy tarixida muhim o‘rin tutgan. Bu yerda rus Amerikaning katta madaniy merosi saqlanib qolgan: pravoslav cherkovlari, 700 dan ortiq ruscha geografik nomlar.

Ikkinchi jahon urushi paytida ham Alyaskadan lend-liz doirasida samolyot va texnika yetkazib berish bilan mashhur havo yo‘li yo‘lga qo‘yilgan. Bu xavfli va og‘ir yo‘l edi, ammo ikki mamlakat pilotlari va mutaxassislari g‘alabani yaqinlashtirish uchun o‘z hayotlarini qurbon qildilar.

Rossiyada, Magadan shahrida, o‘sha qahramonlik missiyasida halok bo‘lgan rossiyalik va amerikalik uchuvchilarga haykal o‘rnatilgan. Shuningdek, bu yerda ham – bir necha kilometr uzoqlikdagi harbiy qabristonda sovet uchuvchilari dafn etilgan. Ularning xotirasini asrab-avaylagani uchun amerikaliklarga minnatdorlik bildiraman.

Biz tarixdagi boshqa misollarni ham unutmaymiz – mamlakatlarimiz umumiy dushmanlarga qarshi birga kurashgan, yordam va qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatgan. Bu meros bizga yangi bosqichda teng huquqli, o‘zaro manfaatli munosabatlarni tiklashga yordam beradi.

Ma’lumki, Rossiya-AQSH sammitlari to‘rt yildan ortiq o‘tkazilmagan. Bu uzoq muddat. Shu paytda ikki tomonlama aloqalar sovuq urushdan beri eng past nuqtaga tushib ketdi. Bu esa na mamlakatlarimiz, na dunyo manfaatiga xizmat qiladi.

Ochiq-oydin, erta yo kech bu holatni tuzatish, qarama-qarshilikdan muloqotga o‘tish kerak edi. Shuning uchun davlat rahbarlarining shaxsan uchrashishi vaqti kelgandi. Buning uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi.

Men va Prezident Tramp yaxshi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatdik. Telefon orqali ko‘p marta ochiq suhbatlashdik. AQSH Prezidentining maxsus vakili janob Uitkoff Rossiyaga bir necha bor tashrif buyurdi. Yordamchilarimiz va tashqi ishlar vazirlari muntazam muloqot qilib turdi.

Mavzularning markazida Ukraina masalasi turdi. AQSH ma’muriyati va shaxsan Prezident Trampning urushni hal qilishga qiziqishi seziladi.

Rossiya uchun Ukrainadagi voqealar milliy xavfsizlikka jiddiy tahdiddir. Biroq ukrain xalqini biz har doim birodar deb bilganmiz. Shuning uchun bu voqealar biz uchun tragediya va og‘riq. Biz bunga barham berishdan manfaatdormiz.

Biroq barqaror va uzoq muddatli yechim topish uchun muammoning ildizlari bartaraf etilishi, Rossiyaning qonuniy xavotirlari inobatga olinishi, Yevropa va jahondagi xavfsizlikda adolatli muvozanat tiklanishi shart.

Prezident Tramp aytganidek, Ukraina xavfsizligi ham ta’minlanishi lozim. Biz bu yo‘nalishda ishlashga tayyormiz.

Umid qilamizki, bizga tushuntirilgan o‘zaro anglashuv tinchlikka olib keladi va Ukrainadagi urushga barham berish yo‘lini ochadi.

Yangi AQSH ma’muriyati kelganidan beri ikki mamlakat savdo aylanmasi o‘sishni boshladi — hozircha 20 foizga. Bu ma’naviy ahamiyatga ega, ammo qo‘shma ishlanmalar uchun ko‘p imkoniyatlar mavjud.

Rossiya va AQSH savdo, energetika, raqamli sohalar, yuqori texnologiyalar va kosmosda hamkorlik qila oladi. Arktikada va mintaqalararo aloqalarda ham ishlash muhim.

Qisqasi, mamlakatlarimiz yangi sahifa ochishi va hamkorlikka qaytishi zarur.

Yaqinda aytganimdek, Rossiya va AQSH chegarasida “sanalar almashadigan chiziq” bor — u yerda bir qadam bilan kechadan ertaga o‘tish mumkin. Umid qilamanki, siyosiy sohada ham xuddi shunday bo‘ladi.

Janob Trampga muloqot uchun minnatdorlik bildiraman. Asosiysi, har ikki tomon ham samaradorlikka intildi. Prezident Tramp o‘z maqsadlarini aniq bildi va o‘z mamlakati ravnaqi haqida chin dildan qayg‘urdi. Shu bilan birga, Rossiyaning milliy manfaatlarini ham tushunadi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp:

Katta rahmat, Janob Prezident. Bu haqiqatdan ham juda mazmunli nutq bo‘ldi.

Biz samarali uchrashuv o‘tkazdik, ko‘p masalalarni muhokama qildik. Ayrimlari juda muhim edi.

To‘liq kelishuvga erisholmadik. Afsuski, hozircha hech qanday bitim yo‘q. Men NATO va Yevropa yetakchilari, Prezident Zelenskiy bilan gaplashaman va bugungi uchrashuv haqida xabar beraman.

Men Davlat kotibi Rubio va Prezidentning maxsus vakili Uitkoffning pozitsiyasiga qo‘shilaman. Ularning ishi uchun minnatdorlik bildiraman.

Hozir bu yerda Rossiya biznesi vakillari ham bor. Agar ular hamkorlik qilishni istasalar, biz birgalikda ishlashni kutib qolamiz. Biz urushni tezroq tugatishni xohlaymiz.

Bugun biz jiddiy taraqqiyotga erishdik. Prezident Putin bilan munosabatlarimiz yaxshi. U bilan ko‘p marta qiyin, biroq foydali uchrashuvlar o‘tkazganmiz.

Biz , “Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashuvi” haqidagi soxta vaziyatni bilamiz. U (Vladimir Putin) buni o‘z karerasini hisobga olgan holda juda yaxshi tushunadi va bularning barchasi haqiqat emasligini biladi. “Rossiya, Rossiya, Rossiya”. U amalga oshirilgan hamma narsa jinoiy harakat ekanligini tushunadi.

Albatta, bizda hamkorlik qilish uchun yaxshi imkoniyat bor. Men tez orada qo‘ng‘iroq qilib, Yevropa yetakchilarini bugungi muhokamalardan xabardor qilaman.

Biz samarali muzokara o‘tkazdik. Eng muhimi — tinchlik yo‘lida yaxshi imkoniyatimiz bor. Hali kelishuvga erishmadik, ammo Prezident Putin va uning jamoasiga bu yo‘nalishdagi ishi uchun minnatdorlik bildiraman.

Har hafta minglab odamlar halok bo‘lmoqda. Prezident Putin ham, men ham bu urushni tugatishni xohlaymiz. Janob Prezident, sizga rahmat. Yaqin orada yana uchrashamiz.

Rahmat.

Putin: Keyingi safar Moskvada.

Tramp: Juda qiziq taklif. Ehtimol, meni tanqid qilishadi, lekin menimcha, buning imkoni bor. Sizga rahmat, janob Prezident. Barchangizga rahmat.

Putin: Katta rahmat.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Alyaska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing