Zelenskiy Rossiyaga yer bermadi, biroq Tramp mamnun. Bu nimani anglatadi?

Tahlil

Donald Tramp Zelenskiyni Oq uy ostonasida kutib oldi. Eng qizig‘i shuki, mazkur tashrif boshlanishidan oldin G‘arb nashrlarida yevropalik tajribali diplomatlar Zelenskiyga Tramp bilan o‘tgan safargi Oq uyda o‘tgan uchrashuvdagi janjal takrorlanmasligi uchun bir qator ko‘rsatmalar bergani haqida xabarlar chiqqandi. Ular Zelenskiyga Trampni jazavaga soladigan so‘zlardan tiyilish va uni tinimsiz maqtashni maslahat bergani navbatdagi uchrashuv boshidayoq o‘z aksini topgandek bo‘ldi. Bu safargi kutib olish jarayoni va Zelenskiyning tashqi ko‘rinishi o‘sha maslahatlarning bajarilishimi yoki Zelenskiyning shaxsiy saboqlari mahsuli, bunisi noma’lum. Ammo Ukraina Prezidenti joriy yil boshida Tramp bilan gaplashishda yo‘l qo‘ygan qator xatolarini Oq uy ostonasidaligidayoq to‘g‘irladi. 

Yodingizda bo‘lsa, fevral oxirida bo‘lib o‘tgan o‘sha shov-shuvli uchrashuvda matbuot va butun dunyo ko‘z o‘ngida ro‘y bergan janjalning asosiy boshlang‘ich nuqtasi Zelenskiyning AQSHga biroz kamroq tashakkur bildirgani bo‘lgandi. Bundan tashqari, o‘shanda Ukraina rahbarining Tramp istaganidek diplomatik ko‘rinishda bo‘lmagani uni kutib olish jarayonidayoq AQSH Prezidentining g‘azabini keltirgani taxmin qilingandi. Bu safar esa Zelenskiy deyarli barchasini to‘g‘irladi. U biroz bo‘lsada klassikaga yaqin imij tanlaganini ko‘rish mumkin. Natijada esa Tramp Zelenskiy bilan suhbatni unga kostyumi yoqqanini aytish bilan boshladi. Bundan tashqari, Ukraina yetkachisi Tramp bilan ko‘rishib ichkariga yo‘l olgan bir necha soniyalik lahzalar orasida unga 3 marotaba rahmat aytdi. 

Tinch o‘tgan suhbat

Tramp va Zeleskiyning suhbati o‘tgan safargidek dahanaki janglar bilan o‘tmadi. Chunki vitse-prezident Vens ularga qo‘shilmadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, jurnalistlar bilan savol-javob ba’zi qiziq jihatlari bilan esda qoldi. Esingizda bo‘lsa, Alyaskadagi sammitda Donald Tramp Melaniyaning xatini Putinga yetkazgandi. Bu safar esa Zelenskiy uchrashuvni Tramp va uning rafiqasi Melaniyaga minnatdorlik bildirgan holda boshladi va ayoli Olena Zelenskayaning AQSHning birinchi xonimi Melaniyaga yuborgan xatini Donald Trampga topshirdi. Shundan so‘ng jurnalistlar bilan qator savol-javoblar boshlandi. Dastlab, Tramp fevral oyidagi tashrifi chog‘ida Zelenskiyni kostyum kiymaganligi uchun tanqid qilgan muxbirni unga ko‘rsatdi. 

Tramp: Bu oldingi safar senga "hujum" qilgan odam. 

Zelenskiy: Eslayman.

Muxbir esa Zelenskiydan o‘sha gapi uchun uzr so‘rab, “bugun ajoyib ko‘rinishda” ekanini aytdi. Ammo Zelenskiy muxbirning kostyum haqidagi avvalgi savoli uchun "o‘ch oldi". U jurnalistga bu gal tashqi ko‘rinishini o‘zgartirgani, ammo uning o‘zi hali ham o‘sha kostyumda yurganini ta’kidlab, hazil qildi. Shundan so‘ng jiddiy savollar va ularga yon berishlar boshlanib ketdi. Tramp Ukraina mojarosini hal qilishda maqsad vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki uzoq muddatli tinchlik ekanligini aytdi. U Zelenskiy bilan uchrashgandan so‘ng darhol Putin bilan telefon orqali bog‘lanishini ham qo‘shimcha qildi. 

Bu orada Zelenskiyga Ukrainadagi saylovlar haqida savol berildi. U esa saylovlar o‘tkazilishiga ruxsat berilishi, ammo bu jangovar harakatlar davom etayotgan paytda bo‘lmasligini aytdi. Tramp esa uning gapini bo‘lib, “agar siz yana 3 yil urushsangiz, shu vaqt davomida saylovlar bo‘lmaydimi”, deya savol berdi. Zelenskiy bo‘lsa, shu nuqtada rostdan ham o‘tgan safargi uchrashuvdan yaxshi xulosa olganini isbotladi va Trampning bu gapiga javob berish o‘rniga shunchaki kulib qo‘ya qoldi. Shundan so‘ng, Tramp va Zelenskiyga ular xushlamaydigan savollar berila boshlandi. Masalan, AQSH Prezidenti Ukraina uchun NATOning xavfsizlik kafolati qay darajada beriladi, degan savolga noaniq javob berdi va aniq qanday kafolat berilishiga to‘xtalmadi. O‘z o‘rnida, Zelenskiy ham hududiy yon berishlar to‘g‘risida berilgan savolga aravani quruq olib qochgan holda javob berdi. Jurnalistlardan biri undan “Ukraina qo‘shinlarini yana bir necha yil o‘lim zonasiga yuborishni davom ettirishga tayyormisiz yoki xaritalarni qayta chizishga rozi bo‘lasizmi?” deb so‘radi. Zelenskiy esa “biz har kuni hujumlar ostida yashayapmiz. Rossiyani to‘xtatish uchun bu urushni to‘xtatishimiz kerak”, deya savolga noaniq javob berdi.

Yopiq eshiklar ortidagi Ukraina xaritasi

Matbuot uchun uchrashuv yakunlanib, Tramp va Zelenskiy yopiq eshiklar ortiga ravona bo‘ldi. U yerda esa nimalar haqida gaplashilishi ko‘p hollarda sir qoladi. Ammo bu gal o‘sha yopiq muzokaralar o‘tgan xonadan Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlari aks etgan ulkan xarita surati tarqaldi. Boshqa suratlarda esa hatto Tramp Zelenskiyga o‘sha xarita oldida turib nimalarnidir tushintirayotgani aks etgan holat ham aks etgan. Mutaxassislar esa muzokaralar xonasiga o‘rnatilgan bu xarita Ukraina Prezidentiga bosim o‘tkazish va uni Putinning shartlariga ko‘ndirish maqsadida olib kirilganini taxmin qildi.

Tramp va Zelenskiy o‘zaro yopiq uchrashuvni yakunlagach, ular Yevropa rahbarlari bilan muzokaralarni davom ettirish uchun marosimlar zaliga qarab yo‘lga chiqdi. Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Finlyandiya va Fransiya Prezidentlari Aleksandr Stubb va Emmanuel Makron, shuningdek, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan birgalikda suratga tushilgach, kengaytirilgan uchrashuv boshlandi. Shuni ham qayd etib o‘tish joizki, Tramp Yevropa yetakchilaridan birortasini shaxsan o‘zi kutib olmagandi. U faqat Zelenskiy uchungina tashaqariga chiqdi.

Hududiy masalalarni Putin bilan gaplashaman – Zelenskiy

Donald Tramp umumiy uchrashuvni Germaniya kansleri Fridrix Mersning quyoshda kuygan yuzini muhokama qilish bilan boshladi. Ammo keyinchalik yetakchilari hazil-mutoyibani chetga surib, jiddiy masalalarni muhokama qilishdi. Donald Tramp shu kunning o‘zidayoq bir qarorga kelish haqida o‘ylayotganini, bu hududiy yon berishdan tortib, xavfsizlik kafolatigacha bo‘lgan masalalarni o‘z ichiga olishini ma’lum qildi. U, shuningdek, Putin bilan uch tomonlama uchrashuv tashkil eta olishi va u bilan ajoyib suhbat bo‘lishiga ishonishini aytdi. Ochig‘ini aytganda Tramp Yevropa rahbarlari bilan uchrashuvda Putin uchun "advokatlik qildi". Masalan, Mers Rossiyaga bosim o‘tkazish haqida gapirganda Tramp bunga qo‘shilmadi. Shuningdek, Yevrokomissiya rahbari Ursula Fon der Lyayen Rossiya tomonidan o‘g‘irlab ketilgan bolalar taqdiri haqida so‘z ochganda AQSH Prezidenti “bugun bu emas, balki boshqa masala yuzasidan kelishuv tuzish uchun yig‘ilishganini” eslatdi. 

Zelenskiy esa eng muhim "signalni" aynan shu shu uchrashuvda berdi. U hududiy masalalarni Putin bilan bo‘ladigan uch tomonlama muzokaralarda muhokama qilishini aytdi. Makron esa o‘sha uch tomonlama uchrashuvlardan avval harbiy harakatlar to‘xtatilishi kerakligini aytdi. O‘z o‘rnida, Fransiya rahbari uchrashuvni uch emas, balki to‘rt tomonlama tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘lishini ham ta’kidladi. Zelenskiy esa unga bosim o‘tkazish uchun o‘rnatilgan xaritaga yana bir bor to‘xtalib, bu uchun Trampga rahmat aytdi va uni uyga qanday olib ketish haqida o‘ylayotganini qo‘shimcha qildi.

Kengaytirilgan muzokaralar matbuot uchun yopilganidan so‘ng ham davom etdi. Xorij OAV esa mazkur muzkaralar davom etayotgan bir paytda Tramp Putin bilan bog‘langani haqida xabar berdi. Rossiya davlat axborot agentligi TASS esa bu suhbat 40 daqiqa davom etganini ma’lum qildi. Bu orada esa Zelenskiyning “Fox News” bilan bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan intervyusi bekor qilindi. Tramp va Zelenskiy o‘zaro muhokamani davom ettirdi. Ular qisqa tanaffusdan so‘ng muzokaralarni Yevropa liderlari bilan “faqat yetakchilar” formatida olib bordi. 

“Financial Times” xabariga ko‘ra, Zelenskiy aynan shu paytda barcha maqsadlari va qarorlarini ochiqlagan. Jumladan, u Amerika qurollarini sotib olish uchun AQSH Prezidentiga 100 mlrd dollarlik bitim taklif qilgan. Bu bitim esa kamida 10 ta Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib olishni o‘z ichiga olishi aytilmoqda. Shuningdek, Ukraina va AQSH kompaniyalari dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha 50 mlrd dollarlik kelishuvga ham yaqin. Bu muzokaralardagi asosiy nuqta esa Zelenskiyning Trampga bildirgan pozitsiyasidir. Ukraina Prezidenti AQSH yetakchisiga Rossiyaga hududiy imtiyozlar berishni nazarda tutuvchi har qanday kelishuvga rozi bo‘lmasligini bildirgani aytilmoqda. U to‘liq tinchlik kelishuviga erishish uchun birinchi qadam sifatida otashkesim joriy etilishini istamoqda. Shu tariqa Zelenskiy Putinning ultimatum ko‘rinishidagi taklifini rad etgan.

Kellogg bilan boshlangan tashrif

Vladimir Zelenskiy Vashingtondagi birinchi uchrashuvini AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg bilan boshladi. Bu uchrashuv Oq uydan bir necha daqiqalik masofasida joylashgan Hay-Adams mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Ular frontdagi vaziyat va diplomatik kelishuvni muhokama qilgan. 

Ma’lumot o‘rnida shuni ham qayd etish joiz, Tramp ikkinchi muddatini boshlaganda Rossiya va Ukraina masalasi bo‘yicha maxsus vakil qilib tayinlangan Kellogg Alyaskadagi Rossiya-AQSH sammitida ishtirok etmagandi. Buning esa qator sabablari bor. Jumladan, joriy yil boshida Kellog Rossiya tomonidan xushlanmagani va uning o‘rnini boshqa birov egallashi haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng, Tramp Ukraina masalasidagi ishlarda Kit Kelloggni qoldirib, Rossiya bilan munosabatlarni Yaqin Sharqdagi maxsus vakili Stiv Uitkoffga topshirgandi. Bu esa Tramp shu kungacha Kreml istaklariga qarshi chiqmay kelganini ochiqlaydi. Zelenskiy va Oq uydagi bir necha nafar Yevropa liderlariga ham Tramp tomonidan yetkaziladigan taklif Alyaskada bildirilgan Vladimir Putinning shartlari ekani ham deyarli ma’lum edi.

Ammo Zelenskiy baribir bu uchrashuvni muhim, deb hisobladi va ko‘plab Yevropa davlatlari yetkachilari ham ishtirok etayotgani tufayli juda jiddiy formatdagi uchrashuv, deya baholadi. Shuningdek, Kellogg bilan uchrashuv tugagach, kunning asosiy voqeligidan oldin yana bir muhim jarayon kuzatildi. Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuviga bir necha soat qolganda, Ukrainaning Vashingtondagi elchixonasida Yevropa yetakchilari to‘plandi. Ukraina yetkachisi bu yig‘in u va yevropalik ittifoqchilar Tramp bilan uchrashuv oldidan o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirish uchun tashkil qilinganini aytdi. Unda Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Italiya rahbarlari, Yevrokomissiya Prezidenti va NATO Bosh kotibi bor edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Evropa Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing