Tramp Putinga “bir necha hafta” muhlat berganini aytdi
Olam
−
23 avgust 4228 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Rossiya–Ukraina tinchlik jarayoni masalasida aniq choralar ko‘rish uchun “bir necha hafta” muhlat berganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 22 avgust kuni Oq uyda 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatiga bag‘ishlangan tadbir doirasida jurnalistlarga aytib o‘tdi.
Tramp Rossiya–Ukraina urushidagi ko‘plab jihatlardan noroziligini bildirib, Rossiya Prezidentina “tezroq va aniqroq qadamlar tashlashga” chaqirdi. AQSH Prezidenti, shuningdek, Ukraina hududidagi amerikaliklar korxonasiga qilingan aviahujum haqida ham fikr bildirdi.
“Men Putinga aytdimki, bu meni qoniqtirmaydi. Men bundan xursand emasman, umuman bu urushda meni xursand qiladigan hech narsa yo‘q. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. O‘ylaymanki, kelasi ikki hafta ichida voqealar qanday rivojlanishini bilamiz”, dedi u.
Tramp Rossiya Prezidentiga tinchlik jarayonini muhokama qilish uchun “bir-ikki hafta” berganini ta’kidlab, shu muddat ichida Rossiya–Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tishi-o‘tmasligini diqqat bilan kuzatishini, shundan keyin esa tegishli qaror qabul qilishini bildirdi.
“Shunda men biz nima qilishimizni hal qilaman. Aslida, bu juda muhim qaror bo‘ladi. Ya’ni – bu qattiq sanksiyalar (Rossiyaga nisbatan), qattiq tariflar yoki ikkalasi birgalikda bo‘lishi mumkin. Yoki biz umuman hech narsa qilmaymiz va shunchaki: “Bu – sizning urushingiz”, deymiz”, dedi u.
AQSH Prezidenti yana bir bor Rossiya va Ukraina ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv zarurligini ta’kidlab, zarurat bo‘lsa, unda shaxsan ishtirok etishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sarovdagi “yopiq shahar” yadro markazida atom sohasi korxonalari xodimlari bilan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning liderlik sifatlari Rossiya AQSH bilan munosabatlarni tiklashi uchun yaxshi garov hisoblanishini aytgandi.
Live
Barchasi