Tramp Putinga qizil gilam to‘shadi. Ular nihoyat birga

Tahlil

Putin Alyaskada. Uzoq kutilgan uchrashuv boshlandi. Odatda millionlab insonlar yarim tungacha kutishi mumkin bo‘lgan voqea bu – futbol o‘yinlaridir. Ammo Alyaskadagi bu uchrashuv dunyoning turli nuqtalarida juda ko‘p insonlar tomonidan vaqtlar bo‘yicha to‘siqlarga qaramay, katta qiziqish bilan kuzatilishi aniq. Buni Putinning samolyotini salkam yarim millionga yaqin odam “Flightradar” orqali kuzatgani isbotladi. 

Uchrashuv boshlangunga qadar esa Alyaskada qator qiziq voqealar sodir bo‘lganiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Yuz minglab kuzatuvchilar “Flightradar” orqali Putinniki deb kuzatgan samolyotda uning o‘zi yo‘q bo‘lib chiqdi. Keyinchalik Kremlga eng yaqin jurnalistlardan biri Pavel Zarubin bu shunchaki delegatsiyadagi uchoqlardan biri ekanini ta’kidlab, Putin hali yo‘ldaligini ma’lum qildi. Ungacha esa Trampning samolyoti Alyaskaga qo‘nib bo‘lgandi. Ichida Putin borligi aytilgan samolyotda Rossiya Prezidentining mavjud emasligi ayon bo‘lgach, ko‘pchilik buni xavfsizlik chorasi va Moskvaning ehtiyotkorligiga yo‘ydi. Taxminlarga ko‘ra, Putin rejalarga biroz o‘zgartirish kiritgan va asosiy deb aytilgan reysga chiqmagan. 

Boshqa tomondan olib qaraganda esa Putin yana o‘zining mashhur kuttirish qurolini ishga soldi. Tramp uni samolyot ichida yarim soat kutishga majbur bo‘ldi. Bungacha AQSH tomonidan Putin uchun yozilgan qizil gilam yig‘ishtirib ham tashlandi. Biroq Rossiya Prezidentining samolyoti belgilangan joyga yetib borishi bilanoq AQSH harbiylari egilgancha uning poyiga o‘sha qizil gilamni to‘shashdi. Bu ko‘p ehtimol yo‘nalish yoki reja o‘zgargani bilan bog‘liq. Nima bo‘lgan taqdirda ham Putin oradan 10 yil o‘tib, yana AQSHga qadam bosdi. Duyo kutgan jarayonlar bundan 158 yil oldin AQSHga Rossiya imperiyasi tomonidan suv tekinga berib yuborilgan Alyaskada amalga oshirildi. 

Ba’zilarning hayolida 2 yildan buyon Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish orderi xavf solayotgan Putin qanday qilib AQSHga bordi, degan savol o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Ammo uning AQSHga tashrifida hech qanday xalqaro huquq normalarining buzilish holati mavjud emas. Buning sababi oddiy – AQSH Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish bo‘yicha majburiyatini yuklaydigan Rim statutini ratifikatsiya qilmagan. Shu bois Putin samolyotdan obro‘li oliy martabali mehmon sifatida tushib, Tramp bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Ular “Alyaska 2025” yozuvi tushirilgan sahnda suratga tushayotgan payt jurnalistlar Putindan tinch aholini o‘ldirishni qachon to‘xtatishi haqida so‘rab qichqirishdi. Ammo Rossiya rahbari o‘zini eshitmagandek yoki ularning gapiga tushunmagandek tutdi.

Sammit o‘tkaziladigan manzilga borish ham o‘zgacha ko‘rinish oldi. Dunyoning istalgan chekkasida ham o‘z Aurus'idan tushmaydigan Putin Alyaskaga Trampning mashinasida yo‘l oldi. Holbuki, Tramp uni o‘z samolyotida kutib turgan mahal, Aurus Putinni sammit o‘tkaziladigan harbiy bazaga olib ketish uchun aeroportga yetib kelgandi. Ammo Rossiya Prezidenti, TASS xabar xabar berganidek, sammitni Trampning mashinasidayoq boshlab yubordi. Shu tariqa, nafqat millionlab, balki o‘nlab davlatlarning nigohi qaratilgan bu uchrashuv boshlandi.

Ammo sammitning kun tartibi biroz o‘zgardi. Prezidentlar o‘rtasidagi yakkama-yakka uchrashuv bekor bo‘ldi. Oq uy oldinroq buning o‘rniga “uchga-uch” shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi. Kutilganidek, bu formatda AQSH tomondan Tramp, Rubio va Uitkoff, Rossiyadan esa Putin, Lavrov va Ushakov ishtirok etdi. Qolgan rasmiylar esa kengaytirilgan doiradagi uchrashuvdagina qatnasha oladi. Putin va Tramp uchrashuvi vaqtida ularning ustidan F-35 qiruvchi samolyotlari va Eronga daxshatli zarba bergan B-2 strategik bombardimonchi samolyoti uchib o‘tgani aytildi.

Mazkur sammitning shiori ham undagi ilk voqealar kabi o‘zgacha. “Tichlik ortidan quvish”. Rostdan ham bu shior o‘tgan yillar, hatto joriy yildagi hodisalar va Ukrainadagi bosqinni to‘xtatish uchun qilingan harakatlarni o‘zida aks ettiradi. “Tinchlik ortidan quvish” shiori ostida o‘tayotgan sammitdagi asosiy maqsad – Ukraina inqorozini to‘xtatish, shu bilan birga Rossiya-AQSH hamkorligini jonlantirishdir. Rossiya tomoni, asosan, AQSH bilan munosabatlarni tiklashga intilmoqda. Tramp esa Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirish orqali xalqaro maydonda “ochko” ishlash ilinjida. U sammitdan biror sulh yoki natija bilan chiqmasa, bu uchrashuvdan qoniqmasligini ma’lum qildi. Shunday ekan, juda uzoq davom etishi kutilayotgan bu uchrashuvda nimalardir o‘zgarishiga ishonish mumkin. Zelenskiy esa Kiyevdan turib, Ukrainaning bor umidi AQSHdan ekanini aytib bo‘ldi. Shunday ekan Alyaska yo Ukraina uchun umid uchqunlarini paydo qiladi, yoki muzokaralar hech qanday natijasiz tugab, Rossiyaning Ukrainadagi bosqini davom etaveradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Alyaska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing