Tramp hokimiyatga kelishi bilan tunnel oxirida yorug‘lik ko‘rindi – Putin
Olam
−
23 avgust 4763 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning liderlik sifatlari Rossiya AQSH bilan munosabatlarni tiklashi uchun yaxshi garov hisoblanadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 22 avgust kuni Sarovdagi “yopiq shahar” yadro markazida atom sohasi korxonalari xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon Rossiya va AQSH munosabatlari juda past darajaga tushib ketgan.
“Men bu haqda ko‘p marta aytganman. Ammo Prezident Tramp kelishi bilan “tunnel oxiridagi yorug‘lik” baribir ko‘rindi, deb o‘ylayman”, dedi Rossiya yetakchisi.
Putin, shuningdek, Amerika Prezidenti bilan Alyaskadagi uchrashuvini “juda samarali” deb atadi.
“Alyaskada juda yaxshi, mazmunli va ochiq uchrashuv bo‘ldi”, dedi u.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, Alyaskadagi sammitdan keyin ham Rossiya va AQSH aloqalari vazirliklar, idoralar va ikki mamlakat kompaniyalari darajasida davom etmoqda.
“Umid qilamanki, qo‘yilgan dastlabki qadamlar – bu bizning munosabatlarimizni to‘liq tiklashning boshlanishidir, xolos”, dedi Putin.
Shu bilan birga, u bu jarayon faqat Rossiyaga bog‘liq emasligini ta’kidladi.
“Bu, eng avvalo, G‘arbdagi sheriklarimizga bog‘liq, chunki AQSH ham turli ittifoqlar, jumladan NATO doirasidagi majburiyatlarga ega. Keyingi qadamlar aynan AQSH rahbariyatiga bog‘liq. Ammo ishonamanki, amaldagi Prezident, Prezident Trampning liderlik sifatlari munosabatlarni tiklash uchun yaxshi garov bo‘ladi. Va umid qilamanki, bu maydondagi hamkorlik sur’ati saqlanib qoladi”, dedi Rossiya rahbari.
Putin, shuningdek, Rossiya kompaniyalari, jumladan suyultirilgan gaz sohasida ishlaydigan “Novatek” kompaniyasi, Arktika hududida yevropalik va osiyolik sheriklar bilan hamkorlikda ish boshlaganini ma’lum qildi.
“Biz, aytib o‘tish joizki, Amerika sheriklari bilan ham bu sohada birga ishlash imkoniyatini muhokama qilyapmiz, nafaqat Arktikada, balki Alyaskada ham”, dedi u.
Rossiya Prezidenti mamlakat uchun suverenitetni saqlash ahamiyatini ham qayd etdi.
“Suverenitetsiz tinchgina yashaydigan davlatlar bor. Bugungi G‘arbiy Yevropada deyarli shunday holat. Boshqa ko‘plab davlatlar ham borki, o‘zlarini normal his qiladi. Rossiya esa yo‘q – suverenitetni yo‘qotsa, Rossiya bugungi ko‘rinishda mavjud bo‘lishdan to‘xtaydi”, dedi u.
Putin, shuningdek, “nodo‘stona” deb ataladigan davlatlar bilan ham atom sohasida hamkorlik davom etayotganini ta’kidladi.
“Biz hali ham u yerga yadro yoqilg‘isi yetkazib beryapmiz. Xizmatlar ko‘rsatyapmizmi? Ha, ko‘rsatyapmiz, hamon katta hajmda. Atom tibbiyoti va boshqa sohalarda ham yangi yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti. Bu avval qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday”, dedi u.
Prezident, shuningdek, “nodo‘stona” mamlakat olimlari bilan ham ish davom etayotganini aytdi va Gatchinada ilmiy reaktorni ko‘rganini, u yerda yevropalik mutaxassislar ishlayotganini eslab o‘tdi.
“Bizda “nodo‘stona davlatlar” yo‘q, ayrim mamlakatlarda “nodo‘stona elita” bor”, dedi Putin.
Rossiya rahbari atom sohasidagi asosiy hamkorlik, asosan, “do‘stona davlatlar” bilan amalga oshirilganini qo‘shimcha qildi.
“Asosiy buyurtmalar Xitoy, Hindiston, Bangladeshdan kelgan. Turkiyada ham loyiha paydo bo‘ldi – “maxsus harbiy operatsiya” boshlanganidan keyin, garchi u NATO davlati bo‘lsa-da. Faqat Finlyandiya chiqib ketdi. Vengriyada esa ishni davom ettirayapmiz, garchi u YeI va NATO a’zosi bo‘lsa ham”, dedi u.
Live
Barchasi