Tramp prezidentlikka qaytsa, Baydenga qarshi tergov boshlashga va’da berdi
Olam
−
06 avgust 2023
4935AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp agar davlat rahbari lavozimiga qayta saylansa, zudlik bilan mamlakatning amaldagi yetakchisi Jo Bayden va uning oilasi ustidan tergov boshlashini aytdi. Bu haqda u Janubiy Karolinada Respublikachilar partiyasi tarafdorlari uchun o‘tkazilgan tadbirda gapirib o‘tgan.
“AQSH prezidenti sifatida birinchi kunimda men maxsus maslahatchiga AQSH Kongressida barcha nomaqbul harakatlar, jumladan, Xitoy va boshqa ko‘plab mamlakatlardan pora olish bo‘yicha ilgari surilgan ko‘plab ayblovlarning har birini ko‘rib chiqishni topshiraman", deya iddao qilgan u.
Trampning da’vo qilishicha, bu ushbu davlatlardan olingan pullar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bayden oilasining cho‘ntagiga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp 561 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligi haqida xabar bergandik. Unga uchta jinoiy ish bo‘yicha jami 78 ta, shuningdek, 2020 yilgi saylovlarni soxtalashtirish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Trampga nisbatan bundan oldin ham uning tarafdorlari tomonidan Kapitoliyga uyushtirilgan hujum bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Bu voqea sobiq prezident saylovda Baydenga yutqazganidan so‘ng, 2021 yilning 6 yanvarida sodir bo‘lgan.
Donald Tramp, shuningdek , Oq uyni tark etganidan keyin AQSH yadroviy dasturiga oid o‘nlab qutilardagi maxfiy hujjatlarni o‘zi bilan Mar-a-Lagodagi mulkiga olib ketgani yuzasidan 40 ta federal ayblov bo‘yicha qo‘shimcha yuridik muammolarga duch kelmoqda.
2016 yilda sobiq prezidentning pornoaktrisa Stormi Deniyelsga ishqiy munosabatlarini oshkor qilmasligi uchun pul bergani haqidagi da’vo bo‘yicha Manxetten okrugi prokurorining 34 ta ayblovi ham Donald Trampga qaratilgan.
Bundan tashqari, u 2020 yilda Jorjiya shtati Fulton okrugidagi saylovlarga aralashganlikda ham gumonlanmoqda.
Donald Trampga nisbatan ish ochilgach, u AQSH tarixida jinoiy javobgarlikka tortilgan ilk prezident bo‘lgandi. Trampga qo‘yilgan ayblovlar 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida uning imkoniyatlarini oshirib yuborishi aytilgandi. 4 aprel kuni esa u hibsga olinib, birozdan so‘ng qo‘yib yuborilgan.
LiveBarchasi