Donald Tramp AQSH yadroviy dasturiga oid maxfiy hujjatlarni qanday saqlagan?
Olam
−
10 iyun 2023
4803AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan prokurorlar ayblov xulosasi e’lon qilindi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Oq uyni tark etgan sobiq prezidentga 37 ta ayblov qo‘yilgan. 49 varaqdan iborat ayblov xulosasiga ko‘ra, Tramp ko‘pchiligida maxfiy hujjatlar bo‘lgan o‘nlab qutilarni o‘zi bilan olib ketgan. Oq uydan chiqarilgan maxfiy hujjatlar Florida shtatida joylashgan Palm-Bichdagi Mar-a-Lago mulkida saqlagan.
Tramp maxfiy hujjatlar solingan qutilarini Mar-a-Lago mulkidagi turli joylarda, jumladan, bal zali, hammom va dush, hojatxona, yordamchi xona, yotoqxona va oshxonada saqlagan. AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan fotosuratlarda yashirin hujjatlar qutilarda terib qo‘yilganini ko‘rish mumkin.
Ushbu hujjatlarda Qo‘shma Shtatlar va ittifoqdoshlarining mudofaa qobiliyati, yadroviy dasturlari, harbiy hujumga qarshi ehtimoliy zaifliklari, ehtimoliy tashqi hujumlarga AQSHning javob zarbalari bo‘yicha rejalar, maxfiy razvedka haqida ma’lumotlar va boshqalar mavjud bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel va may oylarida ham Donald Tramp sud qilingandi. Ularning birida sobiq prezident tomonidan saylovoldi kampaniyasi davomida porno aktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘langani ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, yana birida u jurnalist Elizabet Jin Kerrolni zo‘rlaganlikda ayblangandi. Kecha, 9 iyun kuni esa Donald Tramp sudga chaqirilgani va kelasi hafta seshanba kuni (13 iyunda) Mayami federal sudida uning ishi ko‘rib chiqilishi aytildi.
Ibrohimjon G‘afforov
LiveBarchasi