Tramp kelasi hafta Zelenskiy bilan uchrashishi mumkin

Olam

image
Zelenskiy “ashaddiy dushmani” bilan muzokaraga tayyorligini bildirdi north_east

Zelenskiy “ashaddiy dushmani” bilan muzokaraga tayyorligini bildirdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp kelasi hafta Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Rossiya-Ukraina urushini tugatish harakatlari doirasida uchrashishini aytdi. Bu haqda u kecha, 7 fevral kuni Oq uyda Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba bilan birga Oval ofisda matbuotga bergan qisqa bayonotida ma’lum qildi.

Tramp Rossiya-Ukraina urushi har ikki davlatdan yuz minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lganini va uni tugatish kerakligini ta’kidladi.

“Men bu urush tugashini xohlayman, chunki juda ko‘p odamlar halok bo‘ldi. Kelasi hafta Ukraina Prezidenti Zelenskiy bilan uchrashib, ehtimol Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashaman. Biz Putin bilan doim yaxshi munosabatda bo‘lganmiz. Shunday qilib, bunday voqea sodir bo‘lganligi juda achinarli. Agar men prezident bo‘lganimda, bu urush hech qachon bo‘lmasdi”, dedi AQSH Prezidenti.

Tramp bu shaxsan uchrashuv bo‘ladimi yoki videokonferensiya orqali bo‘ladimi, bunga aniqlik kiritmadi. 

Zelenskiy bilan uchrashuv qayerda bo‘lishi haqidagi savolga Tramp Vashingtonda “bu yerda” ekanini ta’kidladi va Kiyevga bormoqchi emasligini aytdi.

Tramp Zelenskiy bilan Ukrainaning noyob yer minerallari kabi boyliklarini qo‘llab-quvvatlash borasida gaplashmoqchi ekanligini va AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi evaziga “teng miqdorda biror narsa” kerakligini aytdi.

Trampning bayonotiga javoban Vladimir Zelenskiy juma kuni Vashington va Kiyev “muzokaralar” o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

“Biz har doim Prezident Tramp bilan hamkorlikni qadrlaymiz. Jamoa darajasida uchrashuv va muzokaralarni ham rejalashtiramiz. Ukraina va Amerika jamoalari allaqachon tafsilotlarni ishlab chiqishmoqda. Barqaror va mustahkam tinchlik yaqinlashishi kerak”, deb yozdi Zelenskiy X platformasidagi postida Tramp bilan uchrashuv bo‘lib o‘tish-bo‘lmasligini tasdiqlamagan holda.

Zelenskiy apparati rahbari Andrey Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina shu oyda Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellogning tashrifini ham kutmoqda. Yermakning aytishicha, u Kellogg bilan jang maydonidagi vaziyat, Ukraina fuqarolarining xavfsizligi va shu oy oxirida bo‘lib o‘tadigan yillik Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi uchrashuvlar kabi mavzularni muhokama qilgan.

“Agence France-Presse”ning yozishicha, Prezident Donald Trampning kelgusi hafta Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan ehtimoliy uchrashuvi haqidagi so‘zlari Rossiyaning o‘z qo‘shinlari Ukraina sharqidagi Toretsk shahri ustidan nazorat o‘rnatgani haqidagi bayonotlari fonida bo‘lgan. Toretsk 2024 yil fevralida Avdeyevkadan beri Rossiya tomonidan bosib olingan eng yirik aholi punktidir.

Kiyev Moskva sanoat markazi ustidan to‘liq nazoratga ega ekanligini rad etadi.

Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, baland shaharcha bo‘lgan Toretskning qo‘lga olinishi Moskvaga Ukrainaning ta’minot yo‘llarini yanada to‘sqinlik qilishi va Rossiya armiyasining Donetsk viloyatining shimoliy qismiga chuqurroq kirib borishiga yo‘l ochadi.

2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin Toretskda 30 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan bo‘lsa, mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning iyuliga kelib aholi soni 90 foizga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi oxirgi uchrashuv 2024 yil 7 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgandi. Unda Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron ham qatnashgan. Uchrashuv boshlanganidan 20 daqiqa o‘tib yakuniy bayonotsiz tugagan. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing