Zelenskiy “ashaddiy dushmani” bilan muzokaraga tayyorligini bildirdi
Olam
−
05 fevral
10133Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushga barham berish maqsadida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishish va odamlarni yo‘qotmaslikning yagona yo‘li bo‘lsa albatta, biz muzokaraga boramiz”, dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Prezidenti bu holda Putinga nisbatan “mehribon” bo‘lmaydi, chunki uni “dushman” deb biladi.
“Ochig‘i, menimcha, u ham meni dushman deb hisoblaydi”, dedi Ukraina yetakchisi.
Shu bilan birga, Zelenskiy muzokaralar stolida AQSH va Yevropa Ittifoqi ham bo‘lishi kerakligini qayd etgan. Uning fikricha, AQSH Prezidenti Donald Tramp mojaroni hal qilishda muvaffaqiyat qozonishi va Ukrainaga ishonchli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi mumkin. Zelenskiy, shuningdek, hozirda Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan barcha hududlarni kuch ishlatib qaytarishga qodir emasligini va “erishilishi ham mumkin bo‘lmagan natija uchun millionlab odamlarni yo‘qota olmasligini” ta’kidlagan. U bosib olingan hududlarni siyosiy va diplomatik yo‘l bilan qaytarish taklifini ilgari surgan.
“Biz baribir o‘z yerimizni qaytarib olamiz, chunki biz haqmiz va biz xalqaro hamda axloqiy huquqning biror jihatini buzganimiz yo‘q”, dedi Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina Prezidenti urushning faol bosqichi tugashi va harbiy holat bekor qilinishi bilan darhol saylovlar o‘tkazilishini va’da qildi.
“Urush davrida saylov o‘tkazish mumkin emas. Qonunchilik va Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak. Bu esa jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Bizning harbiylarimiz qanday ovoz beradi? Bosib olingan hududlardagi odamlar qanday ovoz beradi? Urush tufayli chet elda yashayotgan sakkiz million ukrainalik qanday ovoz beradi?” dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, o‘zining legitimligi haqida gapirar ekan u 2019 yilda unga saylovchilarning 73 foizi ovoz berganini eslatib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Zelenskiy ilgari ham AQSH yoki YeI Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etsa, Rossiya Prezidenti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara o‘tkazish ehtimolini inkor etmagan. Biroq 2022 yil 30 sentyabrda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Putin bilan muzokaralar o‘tkazishdan bosh tortish qarorini qabul qilgan edi. Zelenskiy Rossiya tomonidan Donbass, Zaporoje va Xerson viloyatlarining anneksiya qilinishi fonida bu qarorni ma’qullagan. Keyinchalik, u Putin bilan muzokaralarni taqiqlash maqsadi Ukraina ichidagi separatizmni to‘xtatish bo‘lganini tushuntirgan.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Zelenskiyni Ukraina Prezidenti sifatida tan olmasligini bildirgan edi. Putin shuningdek, Zelenskiy bu sababli tinchlik kelishuvini imzolash vakolatiga ega emasligini ta’kidlagan.