Tramp bilan eng avval Eron masalasini hal qilamiz – Netanyaxu 

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHga jo‘nab ketar ekan, Prezident Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuvda asosiy e’tibor Eron masalasiga qaratilishini bildirdi. Bu haqda u Vashingtonga jo‘nab ketish oldidan bayonot berdi.

Bu Netanyaxuning Tramp prezidentlikka qaytganidan beri u bilan o‘tkazadigan sakkizinchi uchrashuvi bo‘ladi. Shuningdek, bu ikki rahbarning fevral oyidan buyon, Isroil va AQSH Eronga qarshi qo‘shma havo amaliyotini boshlaganidan keyingi ilk yuzma-yuz muzokarasi hisoblanadi.

“Bu kabi murakkab davrlarda qat’iyat bilan birga katta donolik ham talab etiladi. Biz kun tartibidagi barcha masalalarni, eng avvalo Eronni muhokama qilamiz. Albatta, maqsadimiz xavfsizligimizni ta’minlash va atrofimizda tinchlik doirasini kengaytirishdir”, degan Netanyaxu.

Uning ta’kidlashicha, tomonlar mintaqaviy xavfsizlik va boshqa dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqadi.

So‘nggi haftalarda Netanyaxu o‘zi va Tramp o‘rtasida ayrim masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar yuzaga kelganini tan olgan. Shuningdek, iyun oyida ikki rahbar o‘rtasidagi keskin telefon suhbati haqidagi ma’lumotlar ommaga oshkor bo‘lgan edi.

Uchrashuv Netanyaxu uchun ichki siyosiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. U 27 oktyabrga belgilangan saylovlar oldidan jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda AQSHda Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayib borayotgani qayd etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mamlakat AQSHning moliyaviy yordamiga endi muhtoj emasligini bildirib, ko‘makdan voz kechish jarayonini joriy yilning o‘zidayoq boshlashni istashini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing