Tramp Balogun bo‘yicha qarorga aralashmaganini aytdi
Sport
−
09:38 1847 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining ham, FIFA prezidenti Janni Infantinoning ham AQSH milliy terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini to‘xtatib turish haqidagi qarorga aloqasi bo‘lmaganini bildirdi. Bu haqda Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda chog‘ida so‘z ochdi.
“Men faqat shuni ayta olamanki, bu qarorga mening hech qanday aloqam yo‘q edi. Men shunchaki vaziyatni qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytdim. Men FIFAga: “Sizlar aynan shunday qilishingiz shart”, demadim. Men faqat qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘radim”, dedi Tramp.
Shu bilan birga, u Balogun ishi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini yana bir bor tasdiqladi.
“Janni o‘z ishini a’lo darajada bajaradi. Menimcha, bu uning shaxsiy qarori emas edi. Bu katta qo‘mita tomonidan qabul qilingan qaror”, dedi AQSH Prezidenti.
Tramp shuningdek, Balogunga qizil kartochka ko‘rsatgan hakamning xolisligiga ham shubha bildirdi.
“Hammasi shu yerdan boshlanadi: bu vaziyat umuman qoidabuzarlik deb baholanmasligi kerak edi. Keyin esa kartochka ko‘rsatgan hakamga e’tibor qaratish lozim. Uning kelib chiqishiga qarasangiz, bu hakam biroz shubhali. Juda ham shubhali”, dedi Tramp.
AQSH rahbari, shuningdek, agar Balogun maydonga tushmaganida, Belgiyaga qarshi uchrashuvni adolatsiz deb hisoblashini aytdi.
“Agar ular bizni halol o‘yinda mag‘lub etsa, bu bilan faxrlanishlari mumkin. Ammo boshqacha yo‘l bilan g‘alaba qozonishsa, men buni xuddi 2020 yilgi AQSH Prezidentlik saylovlari kabi soxtalashtirilgan deb hisoblardim”, deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA Intizom qo‘mitasi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini to‘xtatib, unga Belgiyaga qarshi Jahon chempionati 1/8 final bahsida ishtirok etishga ruxsat berganini haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik qaror FIFA prezidenti Janni Infantino Oq uydan qo‘ng‘iroq olganidan so‘ng qabul qilingani haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Bu qaror Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) tomonidan keskin tanqid qilinib, “qizil chiziq” deb baholandi.
Ma’lumot uchun, Balogun Bosniya va Gersegovinaga qarshi 1/16 final uchrashuvida (2:0) himoyachi Tarik Muxaremovichning oyog‘iga butsasining tishlari bilan zarba bergani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan edi. Keyinchalik FIFA uning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini to‘xtatib, Belgiyaga qarshi bahsda ishtirok etishiga ruxsat berdi.